ATIRGUL MOYI — efir moyi; tiniq moysimon xushboʻy sargʻish suyuqlik. Zichligi 950 — 990 kg/m3 (20° da). Atirgulning, asosan qozonlik (Bolgariyadagi shahar nomidan) atirgulning gulbargini suv bugʻi bilan haydash yoki uchuvchan organik erituvchilar (petroley efiri, benzol, etil spirt va b.) vositasida olinadi. Suv bugʻi bilan haydash usuli koʻproq qoʻllaniladi. 1 kg moy 2 — 5 t gulbargdan olinadi. Atirgul moyi tarkibiga 200 dan ortiq komponentlar (feniletil spirti, terpen spirtlari — sitronellol, nerol, geraniol, linalool va ularning efirlari, alifatik aldegidlar va b.) kiradi. Atirgul moyining spirtda erimaydigan qismi (taxm. 5%)ni stearoptenlar (parafin uglevodorodlari) tashkil qiladi. Yuqori sifatli atirlar tayyorlashda ishlatiladi.