ATOLL (maldivcha atolu soʻzidan) — halqasimon marjon orollari. Ochiq dengizlarda uchraydi. Atoll choʻkkan vulkan orollari qirgʻogʻidagi marjon riflaridan paydo boʻlgan. Tropik kengliklarda ochiq dengizda, ayniqsa Tinch okeanning markaziy qismida, baʼzida arxipelag tarzida uchraydi. Koʻpincha Atoll halqasi ichidagi suv (chuq. 100 m dan oshmaydi) dengiz bilan tutashib, qoʻltiq hosil qiladi. Ular uncha katta boʻlmaydi, faqat ayrimlari halqasining diametri 50 km va undan oshadi. Baʼzi Atoll qoʻltigʻi kemalar toʻxtashi uchun qulay.