AVSTRIYA-ITALIYA-FRANSIYA URUSHI (1859) — Sardiniya (Italiya) va Fransiyaning Avstriyaga qarshi urushi. Avstriya Italiyaning Lombardiya, Venetsiya viloyatlarini oʻz hukmronligida saqlab kelayotgan edi. 1858-y. iyul oyida Fransiya bilan Pyemont (Napoleon III va Pyemont bosh vaziri oʻrtasida Avstriyaga qarshi birgalikda urushish uchun Italiya chegarasi yaqinidagi Plombyerda maxfiy bitim imzolandi. Bu bitimga koʻra, Pyemont qirolligi Avstriyadan Lombardiya va Venetsiyani ozod etishda yordam berganligi evaziga Savoyya va Nissa viloyatlarini Fransiyaga berishga rozi boʻldi. A.-I.-F. u. 1859-y. 29 apr. da boshlandi. Urushda Avstriya katta magʻlubiyatga uchradi. Syurix bitimi (1859-y. 10 noyab.) ga koʻra Pyemont Avstriyadan Lombardiyani, Turin bitimi (1860-y.)ga binoan esa Fransiya Pyemontdan Savoyya va Nissani olgan.