AVTOMAT (yun. automatos — oʻzi harakatlanuvchi) — 1) maʼlum ishdagi barcha jarayonlarni berilgan dastur boʻyicha kishining ishtirokisiz oʻzi bajaradigan qurilma. Avtomatni bir oz sozlab, ayrim hollarda nazorat qilib turish kerak boʻladi. Avtomobil dvigatellari porshenini ishlab chiqaradigan avtomatlashtirilgan z-dda metallni eritishdan tortib, to tayyor porshen olish, porshenlarni saralash va hatto yashiklarga joylashgacha barcha ishlarni Avtomatlar bajaradi. Yarim Avtomat larda ayrim operatsiya bajarilgach, mashina oʻz-oʻzidan toʻxtaydi, uni ishchi yana yurgizib yuboradi. Avtomat va yarim Avtomatlar mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoatlarida, q. x. da keng qoʻllaniladi. Mas, paxta ekishda seyalkaning uyaga chigit tashlab beradigan qismi oddiy Avtomat hisoblanadi.
Avtomatlar texnologik (turli avtomatlashtirilgan agregatlar va b.), energetik (avtomatik asboblar, qurilmalar va b.), transport (avtomashinist, avtopilot va b.), hisoblash-yechish (hisoblash mashinalari va b.), savdo (magazin-avtomat va b.), harbiy (avtomatik qurollar va b.), maishiy avtomatlar, oʻyin avtomatlari va b. turlarga boʻlinadi.
«Oʻzi harakatlanadigan» mexanizmlar qadimdan maʼlum. Prujinali va mayatnikli soatlarning yaratilishi (17a) Avtomat rivojiga ancha taʼsir etdi. Avtomatdan sanoatda foydalanish 18-a. ga — sanoat inqilobi davriga toʻgʻri keladi. Elektrotexnikaning rivojlanishi (19-a.) elektr yordamida harakatlanadigan Avtomatning paydo boʻlishiga olib keldi. Elektronikaning paydo boʻlishi (20-a.) bilan tamoman yangi elektron avtomatik qurilmalar va boshqaruvchi hisoblash mashinalari paydo boʻldi. Shu tufayli Avtomatning imkoniyatlari va qoʻllanilish sohalari borgan sari kengaymoqda;
2) kibernetikaning asosiy tushunchalaridan biri; diskret (rakamli) axborotlarni diskret vaqt taktlari bilan qayta ishlaydigan texnika va biologik tizimning mavhum modeli (q. Avtomatik boshqarish nazariyasi).