AVTOMOBIL TRANSPORTI

AVTOMOBIL TRANSPORTI — yuk va yoʻlovchilarni relssiz yoʻllarda tashishga moʻljallangan transport turi. Xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida keng foydalaniladi. Bajaradigan ishiga qarab umumiy foydalanilmaydigan (ayrim korxonalar, tashkilotlar uchun xizmat qiladigan) Avtomobil transporti hamda qaysi tashkilotga mansubligidan qatʼi nazar yoʻlovchi va yuk tashuvchi umumiy foydalanishdagi Avtomobil transportiga boʻlinadi. Shuningdek shaxsiy foydalanishdagi yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar ham mavjud (q. Avtomobil). Avtomobillarning har qanday yoʻllarda yura olishi, yoʻlni tez oʻzgartira olishi, yuk ortish va tushirish joylariga bevosita bora olishi, yuk hamda yoʻlovchilarni bir transport turidan ikkinchisiga oʻtkazmay tashishga imkon beradi. Natijada yoʻlovchi va yuk tashish tezlashadi. Avtomobil transporti sanoat va q. x., markazlashgan tartibda xalqaro, shaharlararo va mahalliy yoʻllarda tashishda qoʻllaniladi. Avtomobil transporti aviatsiya, dengiz va daryo transporti, shuningdek t. y. transporti bilan uzviy bogʻlangan. Avtomobil transporti uncha uzoq boʻlmagan masofalar uchun foydalanishda eng qulay transport turi hisoblanadi. Shu bilan birga boshqa transport turlarida tashish noqulay boʻlgan yuklar, xususan, tez buziladigan mahsulotlarni uzoq, masofalarga tez va qulay yetkazib berishda ham koʻp foydalaniladi.

Avtomobil transporti 19-a. oxirida paydo boʻldi, 20-a. ning 20-y. laridan qisqa masofalarga yuk va yoʻlovchi tashishda t. y. va daryo transporti bilan raqobat qila boshladi. Avtomobil sanoatining rivojiga qarab, tez surʼatlarda taraqqiy etdi. Mamlakatlar avtomobil parkining asosiy qismi yirik ixtisoslashtirilgan yuk va yoʻlovchi tashish korxonalari va birlashmalari tarkibiga kiradi. Bu esa mehnat unumdorligini yuqori surʼatlarda oʻstirish va Avtomobil transporti vositalaridan samarali foydalanishni taʼminlaydi.

Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda tashilgan yuklarning umumiy hajmida Avtomobil transporti hissasi katta salmoqqa ega. Buyuk Britaniya, Fransiya, GFR, Yaponiya, Kanada, Rossiyada Avtomobil transporti taraqiy etgan. va ayrim shaxlarga tegishli boʻlib, jami avtotransport vositalarining 10% umumiy foydalanishdagi yuk tashish kompaniyalariga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekistonda Avtomobil Transporti 20-a. boshlarida paydo boʻldi, unga qadar ot-ulov asosiy transport vositasi boʻlgan. Dastlabki avtobus katnovi 1906-y. da FargʻonaMargʻilon marshrutida yoʻlga qoʻyilgan. Toshkentda birinchi avtobus 1909-y. dek. da qatnay boshladi, 1910-y. chet ellarda ishlab chiqarilgan 8 ta kichik va 1 ta 40 oʻrinli avtobus ishladi.

1921-y. da Avtomobil transporti ixtiyorida 40 yengil va 15 yuk avtomobili hamda Toshkent avtomobil taʼmirlash ustaxonasi boʻlgan. 30-y. larda Avtomobil transporti rivojlanishi bilan qattiq qoplamali yoʻllar qurilishi boshlandi, taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish korxonalari, kadrlar tayyorlaydigan oʻquv yurtlari ochildi. 1939-y. 25-iyulda Oʻzbekiston Avtomobil transporti xalq komissarligi tashkil etildi. 50-y. larda avtotransportda yuk va yoʻlovchilar tashish oʻsdi. 60—80-y. larda respublikada avtotransport vositalarining tur tarkibi koʻpaydi. 1991-y. ga qadar Oʻzbekiston xalq xoʻjaligida asosan Rossiya («ZIL», «Moskvich» — Moskva sh. ; «GAZ» yuk va «Volga» yengil avtomobillari — Nijniy Novgorod sh. ; «KamAZ» — Naberejniye Chelni sh. ; «Jiguli» — Tolyatti sh. ; «UA Z» — Ulyanovsk sh. ; «Ural» — Chelyabinsk vil. Miass sh. ; «PAZ» — Pavlovo sh.), Ukraina («LAZ» — Lvov sh. ; «KrAZ» — Kremenchuk sh. ; «ZAZ» — Zaporojye sh.), Belorussiya («MAZ» — Minsk sh. ; «BelAZ» — Jodino sh.), Gruziya («KAZ» — Kutaisi sh.) respublikalarida ishlab chiqarilgan yuk va yengil avtomobillari, avtobuslari ishlatildi. OʻzRning yuk mashinalari saroylarida vazifasiga koʻra ixtisoslashtirilgan (oʻt oʻchirish, un, paxta, don, qurilish materiallarini tashish, sanitariya va b.) avtomobillar bor. Respublikada xalq xoʻjaligining sanoat, q. x., qurilish, suv xoʻjaligi, aloqa, savdo, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjaligi, madaniyat, mudofaa va b. tarmoqlarida ixtisoslashtirilgan yirik avtotransport korxonalari mavjud. Ular vazifasiga koʻra umumiy foydalanilmaydigan ichki ishlab chiqarish A. t. ga kiradi.

OʻzR da yoʻlovchilar tashishga moʻljallangan 14,7 ming avtobus, 5 mingdan koʻproq yengil taksi mashinalari ishladi. Respublika boʻyicha 2892 avtobus marshrutlarida (jumladan 593 shahar, 1768 shahar atrofi, 532 shaharlararo, 142 xalqaro) avtobuslar qatnadi. Avtobuslar b-n xar kuni 5 mln. ga yaqin yoʻlovchi tashiladi, 27avtovokzal, 120 avtostansiya xizmat koʻrsatadi. Faqat shaharlardagi avtobus marshrutlarida turli markadagi 3 mingga yaqin avtobus qatnaydi (1999). 1996-y. da OʻzR da jami transport turlari yuk oborotining 28,9% A. t. hissasiga toʻgʻri keldi, yuk oboroti 8135,3 mln. tkm, tashilgan yuk 733,2 mln. t, 1t yuk tashishning oʻrtacha masofasi 10,1 km boʻldi; avtobuslarda 22779 mln. yoʻlovchi, yengil taksilarda 62,7 mln. yoʻlovchi tashildi.

Oʻzbekiston xalq xoʻjaligi tasarrufida turli maqsadlardagi va markadagi 199,7 ming yuk avtomobillari (uning 55 mingdan ortiqrogʻi oʻzi agʻdaruvchi), 35,4 ming avtobuslar, 45,9 ming yengil avtomashinalar xizmat koʻrsatadi (1995).

90-y. lar boshidan aholiga yengil avtomobillardan tashqari yuk avtomobillari hamda avtobuslarni sotib olishga ruxsat berilishi natijasida shaxsiy avtotransport soni va tur tarkibida ham jiddiy oʻsish kuzatildi. Respublikada fuqarolarning mulki boʻlgan va mamlakatda hamda chet ellarda ishlab chiqarilgan 788,2 ming yengil, 16,9 ming yuk avtomobillari, 2,6 ming avtobuslar, 419,1 ming mototransport (mototsikl, motoroller va b.) vositalari bor (1995). 1996-y. da Oʻzbekistonning har 1000 aholisiga 43 ta yengil avtomobil toʻgʻri keldi (ulardan 39 tasi shaxsiy foydalanishda).

Umumiy foydalaniladigan yuk va yoʻlovchilar tashuvchi Avtomobil transportining yirik korxonalari «Oʻzavtotrano davlat-aksiyadorlik korloratsiyasi (1993) tarkibiga kiradi (respublika yuk avtoparkining 14%, avtobus parkining 46,8%; 1999).

Tarmoq korxonalari uchun texnik xodimlar 12 mutaxassislik boʻyicha Toshkent avtomobil va yoʻllar in-ti (1972) da, Qoʻqon (1945), Nukus (1965), Buxoro (1969), Urganch (1981), Toshkent (1986) avtomobil va yoʻllar texnikumlarida tayyorlanadi. Avtomobil transportining nazariy-amaliy masalalari, ilgʻor texnologiya va fan yutuqlari targʻiboti «Oʻzbekiston avtotransporti» jur. (1993; rus tilida), «Oʻzbekiston avtomobilchisi» (1990; oʻzbek va rus tillarida) gaz. da yoritiladi.

Baxtiyor Avazov.

Prev Article

AVTOMOBIL SPORTI

Next Article

AVTOMORF TUPROQ