AVTORADIOGRAFIYA

AVTORADIOGRAFIYA, autoradiografiya, radioavtografiya — biror obyektda radioaktiv moddalarning qanday taqsimlanishini oʻrganish usuli. Avtoradiografiyada tekshiriladigan obyekt yuziga radioaktiv moddalarning nurlarini sezadigan fotoemulsiya beriladi; obyektdagi radioaktiv moddalar doim nur chiqarib turgani uchun fotoemulsiyani qoraytiradi, goʻyo oʻzini-oʻzi suratga tushiradi (usulning nomi ham shundan). Obyektga fotoemulsiya berishning bir necha yoʻli bor: foto-emulsiyani suyultirib, namuna yuziga quyish yoki namuna sirtini silliqlab, unga fotoplastinka bostirib qoʻyish mumkin. Radioaktiv moddalarning qanday taqsimlangani toʻgʻrisida bir fikrga kelish uchun fotoemulsiyaning qanchalik qoraygani etalonga solishtirib koʻriladi yoki fotoemulsiyaga tushgan nur izlari optik, elektron mikroskoplarda sanaladi. Radioaktiv moddalarning namunada taqsimlanishini koʻrsatadigan fotografik tasvir avtoradiogramma yoki radioavtogramma deb ataladi. Avtoradiografiya fizika va texnikada, biol. va tibbiyotda keng qoʻllaniladi. Avtoradiografiya usuli har xil rudalarda radioaktiv elementlar bor-yoʻqligini, togʻ jinslari, metall qotishmalarida bu elementlar qanday taqsimlanishini, tabiiy radioaktiv elementlarning tana toʻqimalarida qanday tarqalishini bilib olishga yordam beradi. Radioaktiv izotoplar bilan nishonlangan birikmalarni organizmga yuborish va toʻqima hamda hujayralarni keyin Avtoradiografiya usuli bilan tekshirish tegishli jarayonlarning qaysi hujayralar yoki hujayra tuzilmalarida boʻlib oʻtishini, biror xil moddalarning qanday tuzilmalarga jo boʻlishini aniqlashga imkon beradi va h. k. (q. Radiografiya).

Prev Article

AVTOPILOT

Next Article

AVTORALLI