AVTOTROFLAR

AVTOTROFLAR, avtotrof organizmlar (yun. autos — oʻzi, trophe — oziq, oziqlanish) — fotosintez, fotoreduksiya va xemosintez jarayonlari tufayli noorganik moddalardan oʻz hayoti uchun zarur organik moddalar tayyorlab olish qobiliyatiga ega organizmlar. Avtotroflarga deyarli hamma yuksak oʻsimliklar (parazit va saprofit oʻsimliklardan tashqari), barcha suvoʻtlar va ayrim bakteriyalar kiradi. Fotosintetik oʻsimliklarning xlorofill pigmentini saqlash va yashil tusli boʻlishi ularga xos belgidir. Ular karbonat kislotalar, suv va mineral elementlardan organik moddalarni sintez qilishda Quyosh energiyasidan foydalanadi. Vodorod manbai sifatida uning turli xil birikmalari (vodorod sulfid, uglevodorodlar va b.)dan foydalanadigan ayrim bakteriyalar (toʻq qizil bakteriyalar, yashil oltingugurt bakteriyalar, toʻq qizil oltingugurtmas bakteriyalar) fotosintez jarayoni — fotoreduksiyada ishtirok etadi. Avtotrof bakteriyalar, yaʼni xemosintetiklar ayrim kimyoviy reaksiyalarda yuzaga kelgan energiyadan foydalanib, mineral birikmalardan organik moddalar sintez qiladi (xemosintez). Bularga temir bakteriyalar kiradi; ayniqsa oʻz hayot faoliyati bilan tuproq hosildorligi uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan nitrifikatsiya jarayonini taʼminlaydigan nitrifikatsiyalovchi bakteriyalar muhim oʻrinni egallaydi (yana q. Geterotrof organizmlar).

Prev Article

AVTOTOMIYA

Next Article

AVTOFAZALASH