AZIMULLAXON (? – 1859.7.10, Bxutval) — ingliz mustamlakachilariga qarshi Hindistonda 1857—59 y. larda koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni rahbarlaridan biri. Kanpurdagi maktabda oʻqituvchi. Qoʻzgʻolon boshlanmasdan biroz ilgari Bitxur sh. ga koʻchib kelib, Nana Sohib bilan tanishgan. U bilan birga Shim. Hindiston boʻylab safar qilib xalqni ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashga daʼvat etgan. 1857-y. may — iyulda Kanpurdagi qoʻzgʻolonga rahbarlik qilgan. Inglizlar Kanpurni egallagach (17 iyul) Nana Sohib bilan Audga chekingan.