AZIZOVA Mukarrama (1913.23.5 — Namangan — 1964.23.5) — Oʻzbekiston xalq artisti (1955). Moskvada oʻzbek drama studiyasida oʻqigan (1927—28). 1928-31 va 1960—62 y. larda Andijon teatrida, 1931-y. dan Namangan teatrida aktrisa va rej. Dramatik va musiqali spektakllarda, asosan, liriko-dramatik rollarni ijro etgan. Eng yaxshi rollari: Shirin (Xurshid, «Farhod va Shirin»), Jamila (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Nurxon (K. Yashin, T. Jalilov, «Nurxon»), Gulsara (K. Yashin, «Gulsara»), Hafiza (A. Qahhor, «Shohi soʻzana»), Sanobar (B. Rahmonov, «Yurak sirlari») va b. Rej. sifatida «Farhod va Shirin» (Xurshid, 1934, 1936), «Arshin mol olon» (U. Hojibekov, 1939) kabi asarlarni sahnalashtirgan. Azizova oʻzbek, tojik, uygʻur xalq qoʻshiqlarini mohirona ijro etgan.