AZOBOʻYOQLAR

AZOBOʻYOQLAR — molekulasida aromatik radikallar (baʼzi geterotsiklik birikmalar)ni birlashtiruvchi bir yoki bir necha azoguruh boʻlgan organik boʻyovchi moddalar. Odatda Azoboʻyoqlar tarkibiga muayyan sondagi aminoguruh, oksiguruh va b. guruhlar kiradi. Azoguruh soniga qarab mono-, di-, tri – va poliazoboʻyoqlar boʻlishi mumkin. Azoboʻyoqlar molekulasi tarkibida auksoxromlar boʻladi. Azobirikmalarda esa auksoxromlar boʻlmaydi. Azoboʻyoqlar xilma-xilligi va sifati jihatidan boʻyoqlar orasida birinchi oʻrinni egallaydi. Ularni hosil qilish uchun, avvalo, aromatik aminlar dia-zotirlash reaksiyasiga kiritiladi. Bunda hosil boʻlgan diazobirikmalarga, odatda aromatik aminlar yoki fenollar taʼsir ettirib, Azoboʻyoqlar olinadi. Azoboʻyoqlar kislotali, asosli, erimaydigan boʻyoqlar va b. ga boʻlinadi. Bulardan tashqari, pigment Azoboʻyoqlar, lok A., moy va spirtda eriydigan Azoboʻyoqlar, atsetat ipagini boʻyaydigan Azoboʻyoqlar va b. boʻladi. Azoboʻyoqlar toʻqimachilik sanoatida, lok-boʻyoq, poligrafiya, koʻnchilik, qogʻoz, rezina sanoatida va sanoatning boshqa tarmoqlarida ishlatiladi (q. Sintetik boʻyoqlar).

Prev Article

AZOB

Next Article

AZOV