BALUJISTON

BALUJISTON — Osiyodagi tarixiy viloyat, Eron yassitogʻligining jan.-sharqda. Mayd. 0,5 mln. km2 dan koʻproq. Sharqiy Balujiston (347 ming km2) Pokiston hududida, Gʻarbiy Balujiston esa Eron hududidadir. Qadimda Balujiston hududida maka, gedrosiy va b. xalqlar yashagan. Oʻrta asrlarda Balujiston avval Arab xalifaligi, soʻngra Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Hulokuiylar, Temuriylar davlatlari tarkibida boʻlgan. 17-a. boshlarida Balujiston hududida bir necha hokimliklar vujudga kelib, ularning hokimlari safaviylar va boburiylarga qaram boʻlgan. Bu hokimliklardan eng qudratlisi boʻlgan Kolot hokimligi hokimi (Sharqiy Balujiston) Nosirxon Baluj (1750 — 95) butun Balujiston hududini oʻz qoʻl ostiga olib, oʻzini afgʻon shohlari — durroniylar vassali deb eʼlon qilgan. 19 – a. boshlaridan Balujistonga Angliya oʻz taʼsirini oʻtkaza boshladi. 1854, 1876 va 1879-y. larda Kolot va Qobul hokimlariga majburan qabul qildirilgan shartnomalarga koʻra, Sharqiy B. Angliyaga boʻysundirildi va Britaniya Balujistoni hamda Baluj hokimliklari federatsiyasiga (Kolot, Xaron, Makron, Las-Bela) boʻlib tashlandi. Gʻarbiy Balujiston 1849 — 57 y. larda Eron tarkibiga qoʻshildi. 1947-y. avg. da Britaniya Balujistoni Pokiston tarkibiga kirdi. Baluj hokimliklari federatsiyasi esa 1948-y. martida Pokistonga qoʻshildi. Sharqiy va Gʻarbiy Balujiston oʻrtasidagi chegara 1956-y. 29 oktdagi Eron-Pokiston bitimi asosida belgilandi.

Prev Article

BALUJISTON

Next Article

BALUJLAR