BARG

BARG (lot. folium, yun. phyllon) — yuksak oʻsimliklarning asosiy vegetativ organlaridan biri, fotosintez, transpiratsiya va gaz almashinuvi vazifasini bajaradi. Baʼzi oʻsimliklar barglari evolyutsiya davomida yashash sharoiti taʼsirida shakli oʻzgarib, oziq yoki suv gʻamlash, himoya qilish, ilashish kabi qoʻshimcha funksiyalarni bajarishga moslashgan. Bargning kattaligi turlicha, odatda 3—10 sm, ayrim oʻsimliklar (mas, palma, banan) B. 20 m ga yetadi. Bargning plastinkasimon kengaygan qismi yaproq, novdaga yopishish uchun xizmat qiladigan ingichka qismi Barg bandi deyiladi. Bir qancha oʻsimliklar (bugʻdoydoshlar, ziradoshlar) B. bandi kengayib, novdani oʻrab turadigan qinni hosil qiladi. Baʼzi oʻsimliklar (yalpizdoshlar)da Barg bandi boʻlmaydi, yaprogʻi toʻgʻridan-toʻgʻri novdaga birlashadi. Bunday Barg oʻtroq deyiladi. Bargning fotosintez qiladigan sathi yaproqning shakli va kattaligiga bogʻliq. Yaproqning yassi boʻlishi Bargning fotosintez qiladigan yuzasi sathini oshiradi.

Barg oddiy va murakkab boʻladi. Oddiy Barg bandida bitta, murakkab Barg bandida bir necha yaproq bor. Oddiy Barg yaprogʻining shakliga koʻra yumaloq, tuxumsimon, nashtarsimon, toʻgʻri chiziqpi, ninasimon, yuraksimon, doirasimon va b. ; qirrasining tuzilishiga koʻra tekis qirrali, tishli, kungurali; yaprogʻining boʻlaklanishiga binoan patsimon qirqma, patsimon oʻyma, panjasimon kirqma, panjasimon oʻyma yoki boʻlakli boʻlishi mumkin. Murakkab Barg uch yaproqli, panjasimon, toq patsimon, juft patsimon, lirasimon va b. shakllarda boʻladi. Barg poyada muayyan tartibda bittadan (ketma-ket), ikkitadan (qaramaqarshi), uch, toʻrt yoki undan koʻproq (halqasimon) boʻlib joylashadi. Barg yashash sharoitiga moslashish tufayli qobiq (shumgʻiya), tikan (kaktus, zirk), jingalak (noʻxat, qovun) shaklga kirgan yoki shakli butunlay yoʻqolib ketgan (zarpechak). Piyoz va karam ham oziq moddalar toʻplanishi tufayli shakli oʻzgargan barglardan iborat.

Barg ostki va ustki tomonidan bir qavat tiniq hujayralardan iborat yupqa epidermis bilan qoplangan. Barg osti epidermisi hujayralari orasida maxsus tirqishsimon teshikchalar — B. ogʻizchalari boʻladi. Har bir ogʻizchani ikkita labhujayralar (tutash hujayralar) oʻrab turadi. Labhujayralar Barg ogʻizchalarining ochilib va yopilishi, yaʼni Bargda gaz almashinishini boshqarib turadi. Barg suvga toʻyinganida hujayralar turgor holatiga oʻtib, labhujayralar devori ochiladi. Barg hujayralarida suv kamayganda hujayralarning turgorlik xususiyati aksincha kamayadi, labhujayralar oraligʻida tirqish yopilib, ogʻizchalar orqali suv bugʻlanishi va gaz almashinishi kamayadi. 1 mm2 barg yuzasida ogʻizchalar soni 40 dan 500 gacha, baʼzan undan ham koʻproq boʻladi. Ogʻizchalar ayniqsa sernam joylarda oʻsadigan oʻsimliklar bargi kutikula, yogʻsimon moddalar yoki tuklar b-n qoplangan, barg plastinkasi kichik, koʻpincha etli; barg orqali suvning koʻp bugʻlanishiga imkon bermaydi. Epidermis ostida Barg eti (mezofill) joylashgan. Barg eti koʻpchilik oʻsimliklarda ustki epidermis ostida joylashgan 1 — 2 qator hujayralardan iborat ustunsimon toʻqima va uning ostidagi gʻovak toʻqimadan tashkil topgan. Barg eti hujayralari (ayniqsa ustunsimon toʻqima) Bargga yashil rang beruvchi xloroplastlarga boy. Xloroplastlar ishtirokida hujayralarda fotosintez sodir boʻladi. Barg etidan tomirlar oʻtadi. Ular har xil shaklda boʻlib, sistematik ahamiyatga ega. Ikki pallali oʻsimliklar B. toʻrsimon yoki patsimon, bir pallalilar esa parallel yoki yoysimon tomirlangan. Tomirlar lub va yogʻochlik tolalaridan hamda oʻtkazuvchi va toʻrsimon naylardan iborat. Tomirlar yaproquchun tayanch sinch vazifasini oʻtaydi. Oʻtkazuvchi naylar orqali suv va mineral oziq moddalar iddizdan barg mezofili hujayralariga toʻxtovsiz kelib turadi. Barg hujayralarida sintezlangan mahsulotlar tomirlardagi toʻrsimon naychalar orqali oʻsimlikning boshqa qismlari, yaʼni poya, ildiz, gul, mevalarga yetkazib beriladi. Barg yuzasining keng boʻlishi uning karbonat angidridni faol qabul qilishi, koʻp miqdorda suv bugʻlatishi va kislorod ishlab chiqarishiga sabab boʻladi. I ga maydondagi yashil oʻsimliklar bir kecha-kunduzda 150 — 500 kg karbonat angidridni oʻzlashtirib, 60 — 400 kg kislorod ajratadi va 100 t gacha suv bugʻlatadi. Bu jarayonda Barg 75 — 250 kg gacha organik modda hosil qiladi. Bargning yashash muddati ham turlicha boʻlib, ayrim oʻsimliklar B. Bir necha hafta, boshqalari bir necha yilgacha (mas, lavr bargi 3 —4 yil, Yevropa archasi bargi 8—10 yil, Shrenka archasi bargi 30 yil) yashaydi. Barg hayoti fotosintez va metabolitik jarayonlarning izchilligi b-n bogʻliq. Bu jarayonlar sekin kechadigan ninabarglilarning bargi nisbatan uzoq yashaydi. Barg cheklangan oʻsish xususiyatiga ega boʻlishi bilan boshqa oʻsimlik organlaridan farq qiladi. Yaproqning oʻsishi cheklanganligi, biroq Barg bandning oʻsishi toʻxtovsiz davom etaverishi tufayli Barg yaprogʻi yorugʻlikka oʻgirilish xususiyatiga ega boʻladi.

Oʻktam Pratov.

Prev Article

BARBITUR KISLOTA

Next Article

BARG BUJMAYISHI