BASTAKOR

BASTAKOR (fors — bogʻlash, bogʻlov, mashgʻulot, ish) — anʼanaviy, mumtoz musiqa asarlari muallifi. Musulmon Sharqida musannif, mullahhin, ohangsoz kabi atamalar bilan tanilgan. Odatda bunday sanʼatkorlar oʻz faoliyatida ijrochi (xonanda, koʻproq sozanda)lik va ijodchilikni uzviy bogʻlashgan. Abu Nasr Forobiydan boshlab Darvishali Changiy va b. ning musiqiy risolalari, Abulfaraj IsfahoniyKitob ulagʻoni»), Aruziy Samarqandiy («Chohor maqola»), Alisher Navoiy («Majolis unnafois», «Holoti Pahlavon Muhammad»), Davlatshoh Samarqandiy («Tazkirat ush-shuaro»), Zayniddin Vosifiy («Badoeʼ ul-vaqoeʼ»), Zahiriddin Bobur («Boburnoma») va b. ning asarlarida oʻnlab Bastakorlar haqida tarixiy taʼrifiy maʼlumotlar mavjud. Ular, garchand Bastakor atamasidan bevosita foydalanishmasada, uning asl maʼnosini ochib berishgan. Ogʻzaki anʼanadagi musiqiy ijod sohiblari turli davr va mamlakatlar musiqa ilmi va amaliyotida turlicha nomlanib kelingan. Oʻzbek va tojiklar B. (shuningdek, ohangdon, navosoz va b.), ozarbayjon, arman va turklar — oshiq, qozoq va qirgʻizlar — oqin, kyuyshi, salsere kabi atamalar ishlatishadi. T. Jalilov, Yu. Rajabiy, F. Sodiqov, N. Hasanov, I. Ikromov, K. Jabborov, S. Kaponov, F. Toshmatov, M. Mirzayev, O. Hotamov, F. Mamadaliyev, A. Ismoilov kabi Bastakorlar tanilgan. Tojikiston, Ozarbayjon va Oʻzbekistonda koʻp ovozli musiqa asarlari muallifi — kompozitor ham baʼzan Bastakor deb yuritiladi. Yana q. Bastakorlik.

Prev Article

BASRA

Next Article

BASTARDO