BIOSFERA

BIOSFERA (bio… va yun. sphaira— shar) — Yerning tirik organizmlar tarqalgan qobigʻi. Biosferaning tarkibi va energetikasi undagi tirik organizmlarning faoliyati bilan bogʻliq. Biosferani «hayot sohasi», Yerning sirtqi qobigʻi toʻgʻrisidagi dastlabki fikrni Lamark bildirgan. «Biosfera» terminini esa fanga avstraliyalik geolog E. Zyuss (1875) kiritgan. Biosfera toʻgʻrisidagi toʻlatoʻkis taʼlimotni rus olimi V. I. Vernadskiy (1926) ishlab chiqqan.

Biosfera atmosferaning ozon ekranigacha balandlikda boʻlgan qismi (20—25 km), litosferaning sirtqi qismi va gidrosferani toʻliq oʻz ichiga oladi. Biosferaning quyi chegarasi quruqlikda 2—3 km, okean tubida 1—2 km chuqurlikkacha boradi.

Yerdagi hayot murakkab va xilmaxil organizmlar kompleksidan iborat. Tirik organizmlar va ular yashaydigan muhit oʻzaro chambarchas bogʻlangan bir butun dinamik sistema—biogeotsenozlarni hosil qiladi.

Yerda hayotning rivojlanishi davomida organizmlarning bir guruhi ikkinchisining oʻrnini olib turgan boʻlsada, u yoki bu geokimyoviy funksiyalarni bajarib turadigan organizmlar nisbati oʻzgarmasdan qolgan. Shu tufayli turli geologik davrlarda moddalar bir xil tezlikda Yer qobigʻida toʻplanib borgan. Shunday qilib, tirik organizmlar hayotning muhim sharti boʻlgan anorganik muhitning doimiyligi (gomeostaz holati)ni sakdab turadi.

Inson faoliyati Yer yuzini tubdan oʻzgartirishga qodir boʻlgan hoz. davrda Biosferaning rivojlanishi yangi pogʻonaga koʻtarildi. Soʻnggi yillarda insonning Biosferaga biokimyoviy taʼsiri boshqa barcha tirik organizmlarga nisbatan juda katta kuchga aylandi. Lekin tabiiy resurelardan foydalanishni Biosferaning rivojlanishi va funksiyasi qonuniyatlarini nazarpisand qilmasdan amalga oshirilishi (mas, oʻrmonlarning kesilishi, yerlarning oʻzlashtirilishi, shaharlar, z-d, fabrikalar, sunʼiy suv havzalari, yoʻllar qurilishi va b.) B. dagi biokimyoviy jarayonlarga katta taʼsir oʻtkazmoqda. Yer osti boyliklarini qazib olib, juda kup miqdorda yoqilgʻi yoqilishi moddalar almashinuvini tezlashtirib, Biosfera tarkibi va uning gomeostaz holatiga taʼsir koʻrsatadi. Shu tufayli Biosferani bir butun, muayyan darajada tartibga solingan murakkab dinamik sistema deb qaralishi unda kechadigan jarayonlarni toʻgʻri tushunib olishga yordam beradi. Biosfera toʻgʻrisidagi taʼlimot ekologiya, biotsenologiya va b. fanlarning rivojlanishida, tabiat va jamiyatning rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan juda koʻp oʻta murakkab muammolarni xal etishda katta ahamiyatta ega. Ad.: Vernadskiy V. I., Biosfera, M., 1967; Otaboyev Sh. T., Nabiyev Ch. N., Inson va biosfera, T., 1983; Biosfera. Evolyutsiya, prostranstvo, vremya, M., 1988.

Prev Article

BIOPTIKA

Next Article

BIOSFERA QOʻRIQXONASI