BOʻRSIQ QUMLARI — Orol dengizidan shim. dagi qumli choʻllar, Qozogʻistonning Oqtoʻba viloyatida. Katta Boʻrsiq va Kichik Boʻrsiq qumli choʻllarga boʻlinadi. Katta Boʻrsiq qumlarining uz. qariyb 200 km, Kichik Boʻrsiq qumlarining uz. 100 km cha, oʻrtacha bal. 100 m gacha boʻlib, qator qum tepalari va barxanlardan iborat. Katta Boʻrsiq qumlari va Kichik Boʻrsiq qumlari birbiridan gilli, qumoqli, shoʻrxok va taqirli pastliklar bilan ajralib turadi. Tekis yerlarda shuvoq, shoʻra, erkakoʻt, buta, kserofit oʻsimliklar oʻsadi, qum tepalarining yon bagʻirlari yulgʻun, quyonsuyak, qandim va chingilzorlar bilan qoplangan. Qum tepalari orasidagi pastliklarda esa namsevar oʻsimlik koʻp. Boʻrsiq qumlari chorva mollari bokiladigan bahorgi va kuzgi yaylov.