BOʻZ

BOʻZ, karbos — boʻsh pishitilgan paxta ipidan sodda toʻqilgan mato; qalin, pishiq va tana haroratini bir xilda saqlaydigan mahalliy ipgazlama. Qadimdan qoʻl dastgohdarida toʻqilgan. Yozma manbalarda boshqa matolar qatori Boʻz ham koʻp tilga olingan: «qali atlas keysang unutma boʻzung» (A. Yugnakiy, 11-a.). B. ning «etaklik Boʻz», «sedrak Boʻz», «qali Boʻz» navlari farqlangan; musulmon Sharqida qizil B. «alkirbos» nomi bilan mashhur. 17-a. da Turkistondan Moskvaga joʻnatilgan matolar orasida «byaz» nomi b-n tilga olingan, qizil Boʻz esa «kumach» deb atalgan. 19-a. boshida buxorolik toʻqimachilar Astraxon, Vyatka, Qozon gubernyalarida qurgan ustaxonalarda Boʻz toʻqib sotilgan.

B. Turkistonda qoʻlda toʻqilgan matolar orasida xaridorbop mato boʻlgani uchun mahalliy aholi orasida keng tarqalgan. Buxoroda Boʻz sotiladigan maxsus rasta — «Bozori karbos» boʻlgan. Boʻzning oq, malla, rangin (nil boʻyoqqa boʻyalgan) xillari bor. Chitgarlar risolasida (19-a.) B. ning qora, sariq, yashil, kulrang, binafsha, oq va b. xillari ishlanishi qayd etilgan. Oq B. ning baʼzi xillari oharlangan va yaltiratib pardozlangan, baʼzilari paxmoqqa oʻxshash tukli boʻlgan (tukli yuza oʻta qalin arqoq iplarga maxsus ishlov berilishi natijasida hosil qilinadi). Boʻzdan ichki koʻylaklar va b. xil kiyimlar, kashta tikilgan buyumlar, gul bosib bezatilgan dasturxon, choyshablar tayyorlangan (yana q. Boʻzchilik).

Sayyora Mahkamova.

Prev Article

BOʻYOQLI OʻSIMLIKLAR

Next Article

BOʻZ