BUVAYHIYLAR — Gʻarbiy Eron va Iroqda hukmronlik qilgan sulola (932—1055). Asoschilari — akauka Ahmad, Hasan va Ali. Ularning otasi Buvayh (sulola nomi shuning ismidan olingan) Eron podshohi Bahrom Goʻr naslidan boʻlib, Daylam (Gilon viloyatining togʻli qismi)dagi jangari qavmlar sardori edi. Shu boisdan mazkur sulola vakillari «daylamiylar» deb ham atalgan. Buvayh 930-y. somoniylardan ajrab chiqib, ziyoriylarta qoʻshilgan. Ziyoriylar hukmdori Mardovij (928— 935) Buvayhning oʻgʻillaridan Alini Karaj sh. ga voliy, Ahmad va Hasanni esa yirik harbiy qismlarga boshliq qilib tayinlagan. Soʻng, Buvayhiylar 932—945-y. larda Arrajon, Nubinjon, Isfahon, Hamadon, Ray, Kirmon, Ahvoz, Sheroz sh. larini bosib olganlar. Shunda Bagʻdod xalifasi AlMustakfiy Billoh (Abdulloh) (944 — 946) akauka Buvayhiylarni oʻzlari istilo qilgan viloyatlarga noib etib tayinlashga majbur boʻlib, Aliga «Imoduddavla» («Davlat tayanchi»), Hasanga R«uknuddavla» («Davlat ustuni») va Ahmadga «Muizzuddavla» («Davlat qudrati») degan faxriy unvon bergan. Keyin, Buvayhiylar 945-y. Bagʻdodni ham bosib olib, abbosiylar xalifaligining siyosiy mavjudligiga chek qoʻyganlarda, amalda davlatni oʻzlari boshqara boshlaganlar. 10-a. ning 2-yarmida Buvayhiylar qad. Eron hukmdorlarining «shahanshoh» degan unvonini qabul qilganlar. Buvayhiylarning eng mashhur vakili — Adududdavla (949— 983) mamlakatdagi barcha uluslarni birlashtirishga muvaffaq boʻlgan. Uning davrida sugʻorish tarmoklari kengaytirilgan, Sheroz, Bagʻdod va b. sh. larda katta qurilish ishlari olib borilgan, iqto yerlari koʻpaytirilgan, ilmfan va sanʼat birmuncha taraqqiy etgan. Adududdavla vafotidan soʻng mamlakatda boshlangan taxt uchun kurash oqibatida Buvayhiylar zaiflashib qolib, mamlakat yerlarining sharqiy qismi Mahmud Gʻaznaviy tomonidan ishgʻol etilgan (1029). Saljuqiylarnint 1055-y. qilgan bosqini esa Buvayhiylar sulolasi hukmronligini butunlay tugatgan.