CHIGIT — gʻoʻza urugʻi; terib olingan paxtani qayta ishlab (toladan ajratib) olinadi. Terilgan paxta vaznining 55— 60% Ch. hissasiga toʻgʻri keladi. Shakli tuxumsimon yoki noksimon, choʻzinchoq yoki kalta, boʻyi 1,5—15 mm, eni (diametri) 1—8 mm, ogʻirligi 70 — 160 mg, 1000 donasining oʻrtacha vazni 120—140 g; qoʻngʻirjigarrang, qattiq qobiq va magʻiz (yadro)dan iborat. Ustki qavati (poʻsti)dan tola va momiq (lint) ajratib olinadi (q. Paxta tolasi). Tola va tuklari koʻp keng qismi (toʻmtoq tomoni) xalaza, uch qismi mikropile (chang yoʻli) deyiladi. Chigit murtagi 2 ta urugʻpalla, urugʻpalla ostki boʻgʻin, iddiz qinidan iborat. Foydalanish maqsadlariga koʻra urugʻlik va sanoatda qayta ishlanadigan texnik Chigit larga boʻlinadi. Bir necha oydan bir ikki yilgacha yaxshi saqlangan Chigit fiziologik pishib yetilgan, sogʻlom va unuvchan boʻladi. Bexato va sogʻlom unib chiqishi uchun ivitiladi. Chigitning muhim xususiyati uning epidermis hujayralarida bir hujayrali 20 mm dan 42—44 mm va undan ortiq boʻlgan tolalarning hosil boʻlishidir. Chigit magʻzi tarkibida 24 dan 29% ga qadar moy bor (q. Paxta moyi). Oʻzbekiston yogʻmoy sanoati korxonalarida har yili 1,5 — 2 mln. t texnik chigit qayta ishlanib paxta yogʻi, shulxa (Ch. poʻchogʻi), kunjara olinadi. Chigit chiqindilarini qayta ishlab, ulardan sellyuloza, spirt, lok va b. mahsulotlar i. ch. da foydalaniladi.