CHIPQON

CHIPQON, furunkul — soch xaltachasi (follikula) va atrofidagi yogʻ bezi hamda toʻqimalarining oʻtkir yiringli nekrotik yalligʻlanishi. Stafilokokklar qoʻzgʻatadi. Terida yogʻ va ter ajralishining kuchayishi, avitaminoz, moddalar almashinuvining buzilishi, tozalikka va shaxsiy gigiyenaga rioya qilmaslik, terining tirnalishi, chaqalanishi Chipqonga sabab boʻladi. Chipqon terining tukli qismida, koʻpincha boʻyin (ensa sohasi), yuz, bel, dumba, son va b. joylarga chiqadi.

Chipqon har xil kattalikda boʻlishi mumkin. Dastlab dumaloq, konussimon, qizgʻish tuguncha yuzaga kelib, teridan koʻtarilib chiqadi, bezillab ogʻriydi, atrofidagi toʻqimalar shishadi. Agar lab, qovoq kabi yogʻ koʻp yigʻiladigan sohada paydo boʻlsa, atrofi juda shishib ketadi, hatto bemor ogʻzi bilan koʻzini ocholmay qoladi, qattiq ogʻriydi. Kasallik sekinasta avj oladi; doʻmbayib turgan tuguncha 3—4 kuvdan soʻng kattalashib yalligʻlanadi, oʻrtasi yiring boylaydi, keyin koʻkimtir tusga kiradi, yiring koʻpayib, Chipqon uch beradi va yoriladi. Yorilgan yerdan bir oz yiring chiqib, yara paydo boʻladi. Yara oʻrtasida soch va uning atrofidagi toʻqimalardan iborat Chipqon «oʻligi» koʻrinib turadi; 2—3 kundan keyin yara kattalashib, ichidan qon aralash yiring chiqadi. Bu vaqgda ogʻriq kamaygan, Chipqon atrofidagi shish va yalligʻlanish alomatlari ancha pasaygan boʻladi. Keyinchalik Chipqon «oʻligi» butunlay chiqib, yara chandiklanib bitadi. Chipqonning ayni vaqtda koʻplab toshishi furunkulyoz deyiladi. Mahalliy va umumiy furunkulyoz farq qilinadi. Mahalliy yoki chegaralangan furunkulyoz, asosan, terining maʼlum bir qismida (koʻpincha boʻyin, bel, dumba sohasida) uchrab, sanitariyagigiyena qoidalarining buzilishi, Chipqonni oʻz vaqtida davolamaslik yoki notoʻgʻri davolash natijasida vujudga keladi. Umumiy yoki tarqoq furunkulyoz terining anchagina qismini egallaydi, bunga koʻpincha moddalar almashinuvining buzilishi (diabet, kolit, nevrit, anemiya va b.), gipovitaminoz (A, V, S), tuzuk ovkatlanmaslik, ogʻir infeksion yoki surunkali kasalliklar, birdan sovqotish, issiqlab ketish, shuningdek, jismonan toliqish, nerv sistemasi faoliyatining buzilishi va b. sabab boʻladi.

Chipqon va furunkulyozni mutaxassis vrach davolaydi; davo kasallik bosqichi, oʻrni va tanada tarqalishiga qarab olib boriladi. Chipqonni har kim oʻz bilgicha sitishi yaramaydi, aks holda ogʻir asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Chipqon yoki furunkulyoz chiqqanda hammomga tushish, shuningdek, dush, vanna qabul qilishga ruxsat etilmaydi; vrach tavsiyasi boʻyicha dezinfeksiyalovchi vanna (margansovka bilan) kilish mumkin.

Parhez saqlash, xususan, achchiq, shoʻr ovkatlar va shirinliklarni cheklash, servitamin ovkatlar tavsiya etiladi. Chipqonga davo kilinganda avvalo unta sabab boʻlgan asosiy kasallikni davolash lozim.

Prev Article

CHINGʻIL

Next Article

CHIRIKRABOT