DARVISHALI CHANGIY

DARVISHALI CHANGIY (toʻla ismi: Darvish Aliyi Changiy al-Xoqoniy ibn Mirzo Ali Changiy ibn Abdulali Qonuniy ibn Xoʻja Abdullo Muhammad Marvarid; 16-a., Hirot — 17-a. ning 20-y. lari, Buxoro) — musiqashunos, bastakor, sozanda, hofiz va shoir. Yoshligidan musiqaga qiziqib, Xojagiy Jaʼfar Qonuniy, Ali Doʻst Noyi, Amir Masti Qobuziy, Xasan Kavkabiylardan taʼlim olgan. Movarounnaxr va Xuroson madaniy markazlari (Buxoro, Balx, Andijon, Kesh, Samarqand kabi shaharlar)da yashab ijod kilgan. Sheʼrlarini Changiy taxallusi bilan yozgan. Bir qancha qasida, gʻazal, ruboiylari va «Risolai musikiy» asarlari bizgacha yetib kelgan. «Risolai musiqiy»ning 1-nusxasi, 1572; 2-nusxasi «Tuhfatus-surur» («Shodlik armugʻoni») nomi bilan ham mashhur, taxm. 1611, Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik intida saqlanadi, inv. №№ 449, 468. Mazkur risola 16—17-a. lar musiqa madaniyatining asosiy manbai sifatida katta ilmiy ahamiyatga ega. Fors tilidagi 12 bobdan iborat bu qoʻlyozma Jomiy va Kavkabiy risolalari hamda Husayn Oxun, Imom Kuliy Udiy, Zaytun Gʻijjakiy kabi musiqa ustodlarining asarlaridan toʻplangan maʼlumotlar asosida yozilgan. Muallif Amir Xusrav Dehlaviynchig musiqiy qarashlarini ham oʻz asariga kiritgan. Unda 16 — 17-a. lardagi musiqa hayoti, bastakorlik sanʼati, musiqa sozlari, musiqiy-nazariy (Oʻn ikki maqom, iyqoʼ va b.) va ijrochilik masalalari oʻzining ifodasini topgan. Risolaning tarixiy boblari adabiy tazkiralar uslubida yozilib, Movarounnahr va Xuroson musiqa arboblarining tarjimayi holi, afsonaviy va tarixiy shaxslar (podshoh Bahrom va Dilorom Changiydan boshlab, Firdavsiy, Rudakiy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, sulton Husayn Boyqaro va oʻzining hamasrlari)ga bagʻishlangan. Darvishali Changiy ulugʻ bastakor sifatida naqsh, amal, savt, peshrav shaklidagi kuylar yaratgan.

Ad.: Semyonov A. A., Sredneaziatskiy traktat po muzыke Dervisha Ali (XVII v.), T., 1946.

Dilbar Rashidova.

Next Article

DARVOZ TIZMASI