DASHT SUSTKASHI

DASHT SUSTKASHI (Blaps halophila Fisch.) — qora tanli qoʻngʻizlar oilasiga mansub qoʻngʻiz. Tanasining uz. 17 — 25 mm, qora rangda. Moʻylovlari old-koʻkragining asosiga yetmaydi. Oʻrta Osiyoning dasht zonalari, Rossiyaning Yevropa qismi, Gʻarbiy Sibirda tapqalgan. Qoʻngʻizi va lichinkasi qishlaydi. Kattaligi 2 mm cha, oval shaklidagi tuxumini (yiliga 500 ga yaqin) tuproqqa quyadi. Tuxum qoʻyish bahor va yoz boʻyi davom etadi. Lichinkasi avg. oyida gʻumbakka aylanadi (bu davr 2—3 hafta davom etadi). Dasht sustkashining qoʻngʻizlari uchmaydi, biroq qoʻlansa hidli suyuklik ajratib, sekin sudralib yuradi. Urgʻochilari oʻsimlik qoldiqlari orasida (2 yilcha) yashab, begona oʻtlar bilan oziqlanadi. Tuproqda yashovchi qoʻngʻizlari va lichinkalari turli q. x. ekinlari, jumladan, gʻoʻza va beda maysalariga, ayniqsa, qurgʻoqchilik yillari, zarar keltiradi.

Kurash choralari: qator oralariga oʻz vaqtida sifatli ishlov berish, 10% li bazudin (40 kg/ra) solish, ekin maysalariga sumitsidinning 20% li (0,4 kg/ga) yoki detsionning 2,5% li emulsiyalanuvchi konsentrati (0,3 kg/ga)ni purkash.

Najmiddin Mahmudxoʻjayev.

Prev Article

DASHT

Next Article

DASHTI LUT