Knowledge Base
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

DINAMIT

DINAMIT (frans. dynamite, yun. dynamis — kuch) — kuchli portlovchi modda. Asosiy tarkibiy qismi — nitroglitserin va b. suyuq nitroefirlar (15%). Avval (1867, A. Nobel) — nitroglitserin va kukun holatdagi inert toʻldiruvchilar (talk, magniy oksid va b.) aralashmasidan gurdinamitlar tayyorlangan. Bunday Dinamit larda nitroglitserin toʻldiruvchi bilan mustahkam bogʻlanmaganligidan namlik katta boʻlgan sharoitda qoʻllanganda u suv taʼsirida oiqib chiqariladi. Nitroglitserin va sellyulozaning (kolloksimin, kolloidlangan paxta) kolloid eritmasi — dinamitli jelatin asosida tayyorlangan jelatin dinamitlar (1875, A. Nobel) ancha barqaror. Eng oddiy, lekin kuchli jelatindinamit tarkibida kolloksilin (7—8%) boʻlgan nitroglitserindan tayyorlangan. Dinamit tarkibiga oksidlovchilar: kaliy, natriy yoki ammoniy nitratlari (selitralar), yonuvchi moddalar (mas, yogʻoch kukuni) va b. ham kiradi. Muzlash t-rasini oshirish uchun Dinamit tarkibiga nitroefirlar (mas, glikoldinitrat) ham qoʻshiladi. Dinamit togʻ sanoatida qattiq jinslarni portlatishda, suv osti va shaxta ishlarida hamda harbiy maqsadlarda qoʻllaniladi.

Prev Article

DINAMIKA

Next Article

DINAMO