EPIGRAF (yun. — ustki yozuv) — 1) Yunonistonda qabr toshlari ustidagi yozuv;
2) adabiy asar yoki uning biror qismi (bobi)ning tepasiga yozib qoʻyilgan va shu asar yoki qism (bob) mazmunini ifodalaydigan, asosiy yoʻnalishini belgilab beradigan teran maʼnoli ibora, maqol, matal, hikmatli soʻz, qoʻshiq, sheʼr yoki oʻzga bir manbadan olingan parcha. Jahon adabiyotida Epigraf 15-asr boshlarida paydo boʻlgan. 19-asr romantiklari asarlarida ham Epigraf koʻp uchraydi. J. Russo, A. Stendal, I. Gyote, F. Shiller, A. Pushkin, M. Lermontov, N. Gogol, L. Tolstoy, shuningdek, oʻzbek adabiyotida Gʻ. Gʻulom, A. Qahhor, O. Muxtor va boshqalar Epigraf sanʼatidan mohirona foydalanganlar. Epigraf iqtibos yoki koʻchirmaning barcha xususiyatlariga ega boʻlib, asosiy matnga oʻziga xos kirish vazifasini oʻtaydi. Ularsiz baʼzan badiiy asarning mohiyatini anglash mumkin boʻlmay qoladi. Parodiyalarda ham Epigraf qoʻllaniladi.