FANTAZIYA

FANTAZIYA (musiqada) — badiha uslubidagi janr; muayyan kompozitsion qoliplarga bogʻlanmagan (koʻpincha cholgʻu) musiqa asarlaridan iborat. 16 — 17-a. larda improvizatsiya namunalari asosida yuzaga kelgan. 18-a. da klavir va organ uchun (ayniqsa, turkumli asarlarda muqaddima koʻrinishida) Fantaziyalar keng rivoj topdi (I. S. va K. F. E. Baxlar, V. A. Motsart va b.). Romantik kompozitorlar Fantaziyaga alohida ahamiyat berib, unda turli (jumladan, turkum va sonata) shakl va janr xususiyatlarini mujassam etgan (F. Shubert, F. Shopen, R. Shuman). 19-a. dan koʻp Fantaziyalar xalq kuylari yoki biror kompozitor asarlari mavzulariga asoslanadi (F. List, N. RimskiyKorsakov va b.). Shuningdek, muayyan mavzuli, simfonik Fantaziyalar ham uchraydi (M. Musorgskiy, R. Raxmaninov, P. Chaykovskiy va b.). Oʻzbekiston kompozitorlaridan S. Yudakov, B. Giyenko, S. Karimhoji, A. Latifzoda va b. turli Fantaziyalar yaratishgan.

Prev Article

FANO

Next Article

FANTASTIKA