FARGʻONA VILOYATI

FARGʻONA VILOYATIOʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938-y. 15 yanv. da tashkil etilgan. Respublikaning sharqida, Fargʻona vodiysining jan. da joylashgan. Shim. dan Namangan, Andijon viloyatlari, jan. va sharkdan Qirgʻiziston, gʻarbdan Tojikiston Respublikalari bilan chegaradosh.

Mayd. 6,8 ming km2. Aholisi 2815 ming kishi (2004). Tarkibida 15 tuman (Bagʻdod, Beshariq, Buvayda, Dangʻara, Yozyovon, Oltiariq, Oxunboboyev, Rishton, Soʻx, Toshloq, Uchkoʻprik, Fargʻona, Furqat, Oʻzbekiston, Quva), 9 shahar (Beshariq, Margʻilon, Rishton, Fargʻona, Yaypan, Quva, Quvasoy, Qoʻqon, Hamza), 10 shaharcha (Bagʻdod, Dangʻara, Doʻstlik, Yozyovon, Muqimiy, Oltiariq, Toshloq, Chimyon, Shoʻrsuv, Yangi Margʻilon), 164 qishloq fuqarolari yigʻini bor (2004). Markazi — Fargʻona sh.

Fargʻona viloyati Oʻzbekistonning qad. madaniyat oʻchoqlaridan biri. Viloyat hududida topilgan tosh davri manzilgoxlari va qoyatoshlariga solingan suratlar vodiyda odamlar eng qad. davrlardan beri yashab kelganliklaridan darak beradi. Fargʻona viloyatining tosh davri yodgorliklarini 1954-y. A. P. Okladnikov rahbarligidagi arxeologiya otryadi oʻrgangan. Vodiyning sharqiy qismidagi Qayroqqum, Xoʻjagʻor va Uchqoʻrgʻon makonlaridan mustye davriga oid tosh qurollar topildi. Vodiyning gʻarbiy qismidagi qad. tosh davri madaniyatiga oid manzilgohlar mustye davridagi Qalʼacha, Jarqoʻton va Qapchigʻay tosh qurollar ishlash ustaxonalari topilib oʻrganildi. 1958-y. birinchi marta Markaziy Fargʻonadan mezolit davriga oid mikrolit tosh qurollari topildi. Shuningdek, Markaziy Fargʻonadagi Uzunkoʻl va Tayloqkoʻl atroflaridan mezolit va neolit davrlariga oid 24 ta manzilgoh borligi aniqlandi (1965). Soʻx vohasidagi 28 gʻor va ungurlar (Selungur, Eshma, Obishir, Sur, Bel, Zim, Ovikambar, Bogʻishim va b.) roʻyxatga olindi. Obishir gʻorlaridagi madaniy qatlam yaxshi saklangan. Gʻorlarni qazish jarayonida mezolit davriga oid tosh qurollar, xayvon suyaklari topilgan. Bular oʻsha davr turmushini oʻrganish imkonini beradi.

1967 va 1969—70 y. larda SanktPeterburgdagi Ermitaj muzeyi xodimlari mezolit va neolit davrlariga oid 35 ta manzilgohtopdilar. Fargʻona viloyatining arxeologik yodgorliklarini oʻrganishda Katta Fargʻona kanalining qazilishi muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Kanalni qazish jarayonida jez davri, quldorlik va zamindorlik jamiyatlariga oid yodgorliklar topildi va tekshirildi. Quva va Toshloq tumanlari oʻrtasidagi Akbarobod qishlogʻida jez davriga oid manzilgoh, Margʻilonsoyning chap sohilida Oqtom qabristoni boʻlganligi aniqlandi. Fargʻona viloyatining Quva tumanida quldorlik davriga oid Taxyontepa, Fargʻona sh. da Simtepa (Chimtepa) kabi yodgorliklar topib oʻrganilgan. Ayniqsa, Quva sh. dagi mil. av. 5-a. va oʻrta asr boshlariga oid topilmalar yaxshi tekshirilgan. 10—11-a. larga doir tarixiy manbalarda bu shahar obodligi va kattaligi jihatidan vodiyda Axsikatdan soʻng eng yirik shahar deb qayd qilingan. Arxeologik materiallar Margʻilon sh. 10-a. da katta qishloq boʻlib, 11 — 12-a. larda shaharga aylanganligini, Rishton esa 10-a. da katta shahar boʻlsa ham, 11 —12a. larga kelib qishloq qiyofasiga kirib qolganligini isbotlaydi.

Oʻtroq dehqonchilik, chorvachilik b-n shugʻullangan Chust madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Fargʻona vodiysini oʻrganishda muhimdir. U yerda i. ch. kuchlari va xoʻjalikning taraqqiyoti jez davrining oxirida dehqonchilik qabilalarining ijtimoiy tuzumida oʻzgarish yuz berishiga, natijada ibtidoiy tartiblar tugab jamiyatdagi tabaqalanishga olib kelgan. Roʻzgʻor anjomlarida xususiy mulkchilik kurtaklari koʻzga tashlanadi. Arxeologik tekshirishlar natijasi Fargʻona viloyatida qadimdan odamlar yashab, ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullanganligidan, kishilik jamiyatining keyingi bosqichlarida esa madaniyat rivojlana boshlaganligidan dalolat beradi.

Tabiati. Fargʻona viloyatining shim. qismini Qoraqalpoq va Yozyovon dashtlari egallagan, jan. dan Olay tizmasidan okib tushadigan daryolarning yoyilmalari bilan oʻralgan. Jan. da adirlar Olay tizmasining togʻ oldilari bilan almashinib turadi. Fargʻona viloyati yuqori seysmik zona qisoblanadi.

Iklimi kontinental. Qishi birmuncha yumshoq, baʼzan havo juda sovib ketadi. Yanv. oyining oʻrtacha trasi — 3,2°, iyulniki 28°. Eng past t-ra —27,9°. Eng yuqori t-ra 42°. Vodiyning gʻarbida esadigan kuchli «Qoʻqon shamoli» iqlimga salbiy taʼsir etadi. Shamolning tezligi sekundiga baʼzan 35—40 m ga yetadi. Jan. sharqida yozda garmsel esadi. Yiliga gʻarbida 100 mm dan (Qoʻqon atrofi) sharqiy qismida 170 mm gacha, togʻ yon bagʻirlarida 270 mm gacha yogʻin tushadi, asosan, bahorda yogʻadi. Vegetatsiya davri 210—240 kun. Viloyatning shim. gʻarbiy chegarasi boʻylab Sirdaryo oqadi. Olay tizmasidan Isfara, Soʻx, Shohimardon, Isfayramsoy boshlanadi. Daryolar muzlikqor suvlaridan toʻyinadi. Iyul — avg. da toʻlib oqadi. Daryo suvlari sugʻorishga sarflanadi. Asosan, boʻz tuproq va oʻtloqi botqoq tuproklar keng tarqalgan. Adirlarda aksari och va tipik boʻz tuproklar, Sirdaryo terrasalarida allyuvialoʻtloqi tuproqlar, viloyatning shim. qismida shoʻrxok oʻtloqlar va ajriqli oʻtloqlar mavjud.

Markaziy Fargʻonadagi shoʻrxoklarda turli xil shoʻra oʻsadi. Yerlarining kattagina qismi ekinzor. Vohalarda terak, tut, qayragʻoch, daryo vodiylarida keng bargli oʻrmonlar va archazorlar bor. Yovvoyi hayvonlardan Sirdaryo toʻqayzorlarida qobon, adir va Olay tizmasi togʻ oldilarida boʻri, tulki, chiyaboʻri, quyon, boʻrsiq, jayra yashaydi. Ondatra, nutriya iklimlashtirilgan. Qushlar, sudraluvchilar koʻp. Suv havzalarida marinka, usach, zogʻora baliq, karp, oq amur, doʻngpeshona baliqlar bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar shuningdek, tojik, rus, qirgʻiz, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1km2 ga 413,9 kishi. Shahar aholisi 800 ming kishi, qishloq aholisi 2015 ming kishi (2004).

Xoʻjaligi. Fargʻona viloyati respublikaning sanoati rivojlangan viloyatlaridan. Viloyatda 86 ta yirik sanoat korxonasi mavjud. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: yoqilgʻienergetika, kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari, paxtani tozalash va qayta ishlash, yengil va oziqovkat sanoati va b. Energetika bazasi, asosan, issiklik elektr styalardan iborat boʻlib, eng yiriklari: Fargʻona, Qoʻqon issiqlik elektr markazlari, Quvasoy issiqlik elektr styasi. Barcha styalar Oʻrta Osiyoning yagona energetika tizimiga birlashtirilgan. Kimyo sanoatining eng yirik korxonalari Fargona va Qoʻqon sh. larida joylashgan. «Azot» i. ch. birlashmasi, kimyoviy tolalar, furan birikmalari kimyo z-dlari, Qoʻqon superfosfat z-di va b. shular jumlasidandir.

Viloyatda Fargʻona neftni qayta ishlash z-di joylashgan.

Qurilish materiallari sanoati rivojlangan. Quvasoydagi sement z-di respublikada ishlab chiqariladigan sementning toʻrtdan bir qismidan koʻprogʻini beradi. Quvasoyda shifer, gisht va b. qurilish materiallari, shisha va chinni idishlar z-dlari ishlab turibdi. Qoʻqondagi «Elektromash», «Tekstilmash» va b. metallsozlik z-dlarida sanoatning boshqa tarmoqlari uchun asbobuskunalar, ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.

Oziq-ovqat sanoati yil sayin rivojlanmoqda. Bu tarmoq korxonalarida turli nav yogʻlar, un, non, makaron, konserva va b. mahsulotlar ishlab chiqariladi. Viloyatda 84 qoʻshma korxona, 22 mingdan ortiq kichik korxona faoliyat koʻrsatadi. Fargʻona sh. da «Nodira», «PSMK3», «Polina»; Margʻilonda «Margʻilon tongi» va Qoʻqonda «Zilola» kichik korxonalar, «Oʻzsalaman», «KabulFargʻona», «Besteks», «Ishonch» qoʻshma korxonalari ishlab turibdi.

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoklari — paxtachilik, gʻallachilik, pillachilik, bogʻdorchilik va chorvachilik.

Viloyatdagi barcha ekin maydoni 288,9 ming ga, shu jumladan, 129,6 ming ga yerga don, 115,9 ming ga yerga paxta, shuningdek, texnika ekinlari, 11,7 ming ga yerga sabzavot va poliz ekinlari, 24,1 ming ga yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 20,3 ming ga yaylovlar (2004). Haydaladigan yerlarda, asosan, obikor dehqonchilik bilan shugʻullaniladi. Paxta, bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori, arpa, kartoshka, sabzavot va poliz maxsulotlari yetishtiriladi. Bogʻlarda koʻproq oʻrik oʻstiriladi. Anor, anjir, olma, xurmo koʻp. Tokzorlarda yuqori navli uzumdan moʻl hosil olinadi.

Sugʻoriladigan yerlar viloyat hududidan oʻtuvchi Katta Fargʻona va Andijon kanallari, Jan. Fargʻona kanali, Shohimardonsoy, Margʻilonsoy, Soʻx, Isfayramsoy, shuningdek, Karkidon, Koʻrgʻontepa suv omborlari yordamida sugoriladi.

Viloyatda 8 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi, 143 shirkat xoʻjaligi, 74 xoʻjaliklararo korxonalar, 6 parrandachilik f-kasi mavjud. Chorvachilikda qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi. Viloyat jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 511,9 ming qoramol (shu jumladan, 213,2 ming sigir), 431 ming qoʻy va echki, 1260,9 ming parranda bor (2004).

Transporti. T. y. uzunligi 227,8 km. Avtomobil yoʻllarining uz. 8,6 ming km, shu jumladan, qattiq krplamali yoʻllar 8,5 ming km. Asosiy yoʻnalishlari: Toshkent — Qoʻqon — Andijon, Margʻilon — Qoʻqon — Navoiy, Qoʻqon — Margʻilon — Quva. Fargʻona sh. da yirik aeroport ishlab turibdi.

Fargʻona viloyatida K. Mamajonov, M. Madaliyeva, U. Umarov, Yu. Joʻrayevlar «Oʻzbekiston Qaqramoni» unvoniga ega boʻldilar.

Madaniymaorif, sogʻliqni saqlash va sport. Viloyatda 4 oliy oʻquv yurti boʻlib, 18,9 mingdan ortiq talaba, 910 umumiy taʼlim maktabi (690 mingga yaqin oʻquvchi), 8 gimnaziya (7,3 ming oʻquvchi), 47 litsey (16,3 ming oʻquvchi), musiqa va sport maktablari ishlab turibdi. Xalq taʼlimi sohasida chet el investorlari b-n aloqa bogʻlanib «Mersi KO» jamgarmasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya grantlar dasturi asosida kompyuter va b. jihozlar olindi. Viloyat sportchi oʻquvchilari 2003—04 y. lardagi «Umid nihollari» sport musobaqalarida 2 va 3 oʻrinlarni egalladilar.

Fargʻona viloyatida 77 kasbhunar kolleji, 3 akademik litsey faoliyat koʻrsatadi.

Viloyatda 4 teatr, madaniyat uylari, 3 muzey, 193 klub muassasasi, 609 ommaviy kutubxona (603,6 ming nusxa asar) aholiga xizmat koʻrsatadi.

Fargʻona viloyatidan Usta Olim Komilov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, M. Qoriyokubov, L. Sarimsoqova, M. Miroqilov, M. Qoʻldoshev, O. Hasanov, A. Yusupov, Tamaraxonim, B. Mirzayev, S. Qosimov, A. Fayziyev, N. Rahimov, G. Rahimova, M. Yunusov, Ye. Petrosova, M. Turgunboyeva, Ya. Mamatxonov, S. Yudakov, S. Karimova, T. Qodirov, H. Umarov, M. Isʼhoqova, S. Qobulova, X. Komilova, H. Ibrohimova, R. Mazohidova, h. Nosirova, J. Oxunov, R. Nizomova, R. Sodiqov, S. Mannopov, M. Toʻxtasinov, Yu. Usmonova, M. Yusupov, Yo. Xotamova kabi Oʻzbekiston xalq artistlari; Mamatbuva xofiz, E. Karimov, B. Rajabov, J. Sultonov, M. Uzoqov, K,. Yusupov, R. Mamadaliyev, K. Hamroqulov, O. Saidxoʻjayev kabi Oʻzbekiston Respublikasi xalq hrfizlari; Q. Tojiyev, O. Madaliyev, A. Karimov, J. Poʻlatov, M. Ermatov kabi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar va b. yetishib chiqdilar (yana q. Fargʻona teatri, Fargʻona-Toshkent musiqa uslubi). V. Useinov, N. Kasin, E. Quvondiqov, S. Alibekov kabi taniqli rassomlar shu viloyatda yashab ijod qildilar. Viloyatda 1998-y. da Fargoniyning 1200-yillik, 2000-y. da Burhoniddin Marginoniyning 910-yillik yubileylari oʻtkazildi.

Sogʻliqni saqlash. 97 kasalxonada 6,3 ming vrach va 31,9 ming urta tibbiy xodim ishlaydi. 413 ambulatoriya poliklinikasi, 214 qishloq vrachlik punkti, 61 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 28 ta dispanser bor. Dam olish uylari va «Chimyon», «Oʻzbekiston», «Qiziltepa», «Nurafshon», «Temir yoʻlchi» sanatoriylari, tez tibbiy yordam viloyat boʻlimi bor.

Sport. Fargʻona viloyatida «Universiada2004» sport musobaqalari oʻtkazildi. 2004-y. dan boshlab viloyatda sportning suv polosi va sinxron suzish turlari yoʻlga qoʻyildi, seksiyalar tashkil etildi. Mavjud sport federatsiyalaridan tashqari qoʻl toʻpi, turon milliy yakka kurashi, sinxron suzish, armrestling kabi sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari tuzildi.

Fargʻona viloyatida jami 5135 sport inshooti mavjud. Shuningdek, Fargona Olimpiya zaxiralari sport kollejida dastlabki sport inshootlari ishga tushirildi. «Yoshlar madaniyat va sport majmuasi», «Fargʻona» markaziy stadioni, «Istiqlol» tennis majmuasi, ot sporti maktabi, «Kimyogar» sport majmuasi faoliyat koʻrsatadi. Sportning yunonrim, qoʻl jangi, taekvondo, karate, shaxmat, shashka, boks, belbogʻli kurash, milliy kurash, turon milliy yakkakurashi, yengil atletika, mini futbol, voleybol turlari rivojlangan. Viloyat sportchilari 2004-y. da xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib 7 oltin va 4 kumush medallarga sazovor boʻlishdi. Ayniqsa, Koreya Respublikasida oʻtkazilgan boks boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionati, Qozogʻistonda armrestling, Yaponiyada baydarka va kanoe, Filippinda boks boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatlarida viloyat sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan respublika sport musobaqalarida viloyat vakillari Ye. Tunguskova va 3. Abdullayevalar qatnashib respublika terma jamoasi tarkibiga kiritildi. Ogʻir atletika boʻyicha respublika chempionatida Ye. Sisoyeva oʻz vazni boʻyicha golib boʻldi. Shuningdek, Ye. Sisoyeva va B. Toshpoʻlatovalar 2004-y. da AQSHda talabalar oʻrtasida ogʻir atletika boʻyicha oʻtkaziladigan chempionatga nomzod etib kiritildi. Nogironlar oʻrtasida stol tennisi boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida A. Ismatullayev gʻolib boʻlib, Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Respublika terma jamoasi tarkibiga kiritildi. 2004-y. ning avgust oyida Afinada oʻtkazilgan 28yozgi Olimpiya oʻyinlarida Fargʻona viloyatining 5 sportchisi ishtirok etdi. 2004-y. da viloyatda basketbol boʻyicha xalqaro «Mersiko» turniri, milliy va belbogʻ kurashi boʻyicha Hazrat Ali hamda Temirjon va Hamid polvonlar xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnirlarda respublika viloyatlari, 10 dan ortiq xorijiy davlat polvonlari katnashdi. Yil davomida oʻtkazilgan sport musobaqalarda ishtirok etib viloyat sportchilari 250 dan ortiq medallarni qoʻlga kiritishdi. 15 sportchi sport ustasi normasini bajardi.

Adabiyoti. Fargʻona zamini koʻplab isteʼdodlar beshigi boʻlgan. Qoʻqon tarixiga oid baʼzi manbalarda 10-a. da Fargʻonada yozma adabiyot namunalari boʻlganligi qayd etilgan. Abu Tayyi Hoʻqandiy (10—11-a. lar) ijodi haqidagi maʼlumotlar buning yaqqol dalilidir. Biroq, oʻrta asr F. v. adabiyoti haqidagi manbalar juda kam.

18-a. dan boshlab Fargʻona vodiysi, xususan, Qoʻqonda fan, adabiyot va sanʼat rivoj topganligini koʻrish mumkin. Qoʻqon xonligi tashkil topishi markazlashgan davlat sifatida faoliyat yuritishi xonlik hududida oʻziga xos adabiy muhitning shakllanishiga imkoniyat yaratdi. Bu davrda Huvaydo, Shoʻxiy, Akmal, Nizomiy Hoʻqandiy kabi adabiyot namoyandalari ijod qildilar. Huvaydoning «Devon»i tarkibiga kirgan sheʼrlar va «Rohati dil» dostoni xalq orasida mashhur boʻlgan.

19-a. da ushbu hududda «Qoʻqon adabiy muhiti» nomi bilan maʼlum boʻlgan adabiyot ravnaq topdi. Ushbu muhitning tashkilotchisi Qoʻqon xoni Muhammad Said Amir Umarxon (178 7 — 1822) saroyiga 100 ga yaqin ijodkorni jalb etib, ularning ijod qilishi uchun moddiy va maʼnaviy sharoit yaratib berdi. Xonning oʻzi ham Amiriy taxallusi bilan sheʼrlar «Devoni»ni yozdi. Umarxon davrida Ado, Fazliy, Xoziq, Hijlat, Vazir, Maxmur, Nodir, Gʻoziy, Maʼdan, Miriy, Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Gulxaniy, Mushrif, Dabir, Ravnaq, Umidiy, Jadid, Mahzun, Zokir, Fayziy, Vahmiy kabi ijodkorlar shuhrat qozonganlar. Keyinroq, Umarxonning oʻgʻli Qoʻqon xoni Muhammad Alixon (Madalixon) ham «Xon» taxallusi bilan sheʼrlar yozgan, «Layli va Majnun» dostonini yaratgan. Ushbu davr adabiyotining namunasi sifatida Abdulkarim Fazliyning Umarxon topshirigʻi bilan 84 zamondosh shoirlar haqida oʻzbek va fors tillarida sheʼriy yoʻsinda yozilgan «Majmuai shoironi Umarxon» tazkirasi; Gulxaniyning «Zarbulmasal» asari, Xoziqning «Yusuf va Zulayho», Nodir Uzlatning «Haft gulshan» dostonlarini aytish mumkin. Ayol ijodkorlarning mavqei baland boʻlganligini taʼkidlash lozim. Qoʻqon malikasi, Umarxonning zavjasi Mohlaroyimning Nodira, Maknuna taxalluslari bilan ijod etgan oʻzbek va fors tillaridagi sheʼrlari alohida «Devon»ga jam boʻlsa, Jahonotin Uvaysiyning 4 devoni, «Voqeoti Muhammad Alixon», «Shahzoda Hasan» va «Shahzoda Husayn» dostonlari, Mahzunaning goʻzal sheʼrlari adabiyotimiz xazinasidan munosib oʻrin olgan.

Fargʻona viloyati adabiyotining bu davrdagi yana bir xususiyati koʻp sonli tarixiyadabiy asarlarning yaratilganligidir. Soʻnggi tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, shu davrda birgina Qoʻqon xonligi tarixiga oid 40 ga yaqin sheʼr va nasriy asarlar yaratilgan. Sheʼriy uslubda yaratilgan bunday asarlar sirasiga Fazliyning «Shahnomai Umarxon», Mutribning «Shahnomai Devona Mutrib», Andalibning «Shahnomai devona Andalib», Uvaysiyning «Voqeoti Muhammad Alixon» dostonlari; Imomali Qori Qunduziy — Komiyning taniqli kishilar tavalludi, vafoti va Qoʻqon tarixiga oid turli voqea — sanalarning sheʼriy taʼrixlari jamlangan «Tavorixi manzuma» kabi asarlari kiradi.

Tarixga oid nasriy asarlar qatorida esa Hakimxon toʻraning «Muntaxab uttavorix», Mulla Avaz Muhammad Attorning «Tuhfat uttavorixi Xoniy», Mushrifning «Shahnomai nusrat payem», Mulla Niyozmuhammad Hoʻqandiyning «Tarixi Shohruhiy», Mirzo Olim Mushrifning «Ansobus salotin va tavorixi xavoqin», Muhammad Amin Domulloning «Tuhfat uttavorix», Abdugʻafur Hoʻqandiyning «Zafarnomai Xudoyorxon», Maqmud Hakim Yayfoniyning «Xullas uttavorix», Muhammad Aziz Margʻiloniyning «Tarixi Aziziy» va b. asarlarni keltirish mumkin. Tasavvufiy adabiyot namunalaridan Azim Xoʻja eshon Azimiyning «Muroduloshiqin» devoni, Abdulaziz Majzubning «Devon»i va «Tazkiraulavliyo» asari (19-a. ning 1yarmi), Salohiddin Soqibning «Maʼlumoti Soqibiy» risolasi (19-a. ning 2yarmi) eʼtiborga loyiq.

19-a. da Qoʻqon sh. va uning atrofida 100 dan ziyod shoir va adiblar devon tuzishgan. Umarxon, Muhammad Alixon va Nodirabegim davrlarida Qoʻqonda xushxat xattotlarni yigʻib, moddiy jihatdan taʼminlab, Sharq adabiyotining koʻplab nodir asarlari koʻchirtirilib, koʻpaytirilgan. Shulardan eng koʻp koʻchirilganlari Jomiy, Navoiy, Bedil, Fuzuliy va Amiriy asarlaridir. Maʼlumotlarga koʻra, Amir Umarxon Lutfiy, Navoiy va Amiriy devonlari jamlangan, goʻzal xatli, oltin bezakli «Muhabbatnoma» majmuasini usmonli turk sultoniga hadya tariqasida joʻnatgan.

Fargʻona viloyati adabiyotida Sharq mumtoz sheʼriyatining deyarli barcha janrlarida samarali ijod qilindi. Badiiyat va gʻoya, mavzular rangbarangligi bu davr adabiyotiga xos xususiyatlardan biri ekanligi asarlardan maʼlumdir. Bu jihat 19-a. ning 2 yarmi — 20-a. boshlari adabiyotida ham yaqqol koʻrinadi. Ushbu davrda Pisandiy, Qoriy, Muqimiy, Muhayyir, Furqat, Zavqiy, Gʻurbat, Rojiy, Muhsiniy, Haziniy, Mahjur, Muqyi, Zoriy, Sirojiy, Jaloliy, Yoriy, Ibrohim Davron, Mirzoi Hoʻqandiy, Nasimiy Xoʻqandiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy va b. samarali ijod qildilar.

Bu davr adabiyotining yorqin namoyandalaridan Muqimiy ijodidagi xalqona lirika bilan hajviy yoʻnalish oʻziga xos maktabni yaratgan boʻlsa, Furqat ijodidagi serohang misralar va maʼrifatparvarlik ruhidagi sheʼrlar, Haziniy ijodidagi sufiyona istilohlarga boy, purhikmat sheʼrlar, Qoriy lirikasidagi jozibadorlik, Hamza ijodidagi ijtimoiy ruh bu davr adabiyotining ravnaqidan dalolat beradi. Ayol ijodkorlardan Dilshod Barno, Anbar Otin, Samarbonu kabi shoiralarning ijodi qam samarali boʻldi.

Milliy uygʻonish davri adabiyoti — jadidchilik yoʻnalishida ijod qilgan va maʼrifatchilik harakatida faol ishtirok etgan ijodkorlar sirasiga Ibrohim Davron, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Mirzo Xayrullo Hoʻqandiy, Ashurali Zohiriy, Poʻlatjon Qayyumiy kabilarni kiritish mumkin. I. Davronning «Ashʼori nisvon» sheʼrlar majmuasi, Hamzaning «Milliy qoʻshiklar uchun milliy sheʼrlar» toʻplami, M. X. Hoʻqandiyning «Axloqi zamima», «Yigirma hikmat» asarlari va b. oʻsha davr adabiyotining mahsullaridir. P. Kayyumiyning 20-a. ning 2yarmida yaratgan «Tazkirai Qayyumiy», «Qoʻqon tarixi va adabiyoti» va «Tazkirai shuaro» asarlari ham eʼtiborga loyiq.

20-a. hoz. zamon oʻzbek adabiyotining koʻplab vakillari ham Fargʻona viloyati adabiyotining qaldirgʻochlaridir. Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Charxiy, Xusayn Shams, Amin Umariy, Shokir Sulaymon, Adham Rahmat, Ibrohim Rahim, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon kabi shoir va yozuvchilar shu zamin farzandlaridir.

20-a. ning 70—90-y. larida Yoʻldosh Sulaymon, Oxunjon Hakimov, Anvar Yusupov, A. Muqimov, Habibullo Said Gʻani, Komil Joʻra, Oʻrmon Omonov, Alisher Ibodinov, Bahodir Iso, Ismoil Mahmud, Nurullohoji Qoʻqondiy, Enaxon Siddiqova, Saydali Odilov, Zuhra Aliyeva, Matluba Dehqon qizi, Ilmer Nazarov, Abdulhamid Muxammadiyev, Nosir Zohid va b. oʻz ijodlari bilan elga tanildilar.

Mustaqillik yillarida Nabijon Boqiy, Nurulloh Muhammad Raufxon, Sayd Anvar, Farida Afroʻz, Iqbol Mirzo, Abdurahmon Joʻra, Mirza Karim, Gulbahor, Otabek Rustambek oʻgʻli, Muxtasar Tojimamatova, Ozoda Toʻraqulova kabi ijodkorlar yetishib chiqdilar.

Fargʻona viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, jurnalistlar, meʼmorlar va b.)ning viloyat boʻlimlari faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Matbuoti, radioeshittirishi va televideniyesi. Viloyatda 7 ta jurnal, 73 ta gazeta, shu jumladan, 2 viloyat gaz. («Fargʻona haqiqati», «Ferganskaya pravda»), 21 shahar va tuman, 27 ta tarmoq hamda 23 ta xususiy gazetalar chop etiladi.

Fargʻona viloyatida radioeshittirishlar 1932-y. da efirga uzatila boshladi. Viloyat radiosi orqali uzbek, tojik va rus tillarida kuniga 1 soatdan eshittirishlar beriladi.

Viloyat televideniyesi oʻz koʻrsatuvlarini 1991-y. 22 dek. dan namoyish eta boshladi. Oʻsha paytlarda haftasiga 1 soat koʻrsatuvlar berilgan. Fargʻona viloyati televideniyesi haftalik koʻrsatuvlari 18 soatni tashkil etadi. Koʻrsatuvlar uzbek, tojik va rus tillarida olib boriladi. Undan tashqari «Margʻilon», «Soʻx», «Muloqot», «Nihol» tuman va shahar telestudiyalari faoliyat koʻrsatadi.

Meʼmoriy yodgorliklari. Fargʻona viloyatida asosiy hisoblangan Qoʻqon meʼmorligining shakllanishi 18-a. dan boshlanadi. Bu yerga dastlab Buxorodan bir guruh binokorlar taklif etildi, ular Madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy, koʻprik va b. binolarni bunyod etdilar. Hozirgacha shaharda saklangan meʼmoriy yodgorliklardan eng qad. si Madrasai Mir nomi bilan xalq orasida mashhur boʻlgan Norboʻtabiy madrasasidir (18-a. oxiri). Bu Madrasa Qoʻqon hukmdori Norboʻtabiy hukmronligi davriga oid. Undan tashqari, Daxmai shohon, Daxmai Modarixon meʼmoriy majmualari (19-a. ning 20-y. lari), Miyon Hazrat (1860-y.), Kamol Qozi (1837-y.) madrasalari, Oʻrda (1871-y., Qoʻqon xoni Xudoyorxon tomonidan qurilgan), Jome masjidi (19-a. oxiri — 20-a. boshlari) kabi meʼmoriy yodgorliklar saklangan.

Ad.: Nalivkin V. P ., Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva, Kazan, 1886; Akromov 3. M., Fargʻona vodiysi, T., 1957.

Toir Abduraimov, Otabek Joʻraboyev.

Prev Article

FARGʻONA VILOYATI

Next Article

FARGʻONA VODIYSI