FARGʻONA VILOYATI

FARGʻONA VILOYATITurkiston general-gubernatorligi tarkibidagi viloyatlardan biri. 1876-y. 19 fev. da Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan Qoʻqon xonligi hududida tashkil qilingan. Tarkibiga Margʻilon, Andijon, Qoʻqon, Namangan, Oʻsh uyezdlari va Pomir kirgan. Mayd. taxm. 160,1 ming km. Maʼmuriy markazi — Yangi Margʻilon sh. (1907—24 y. larda Skobelev sh.). F. v. aholisi 1897-y. gi aholi roʻyxatiga koʻra, 1560411 kishidan iborat boʻlgan. Aholisining asosiy mashgʻuloti — dehqonchilik va chorvachilik. Viloyatda ekin ekiladigan yerlar 860000 desyatinani tashkil qilgan. Dehqonchilikda, asosan, bugʻdoy, kunjut, paxta, tamaki, beda, joʻxori, arpa, tariq va b. ekilgan. Ayniqsa, paxtachilikka eʼtibor berilgan, 1901-y. viloyatning 232500 desyatina yeriga paxta ekilgan. Bogʻdorchilik rivojlangan.

Fargʻona viloyatidan chetga paxta, ipak, jun, poyabzal, teri, gilam, sholi chiqarilgan. Mahalliy maktab va oʻquv yurtlari 2246 ta, masjidlar 6554 boʻlgan. Fargʻona viloyati aholisi Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatiga karshi koʻplab chiqishlar qilgan. Ayniqsa, 1898-y. dagi Andijon qoʻztloni va 1916-y. dagi Oʻrta Osiyo qoʻzgʻolonida faol qatnashgan. 1924-y. Oʻrta Osiyo respublikalarida milliy davlat chegaralanishi oʻtkazilishi munosabati bilan Fargʻona viloyati tugatilgan.