FARGʻONA

FARGʻONA (1907-y. gacha — Yangi Margʻilon; 1907 — 1924-y. larda Skobelev, mahalliy talaffuzda — Iskobil deb atalgan. Podsho Rossiyasining Oʻrta Osiyoni bosib olishda va keyingi yillarda koʻplab qirgʻinbarotlar uyushtirgan generali M. D. Skobelev nomiga qoʻyilgan) — Fargʻona viloyatining maʼmuriy, iktisodiy va madaniy markazi, respublikaning yirik shaharlaridan biri. Mayd. 0,09 ming km2. Aholisi 222,4 ming kishi (2004, Fargʻona vodiysidagi shaharlar ichida aholi soni boʻyicha 3-oʻrinda). Shahar Fargʻona vodiysining jan. qismida, Olay togʻlarining etagida, 580 m balandlikda joylashgan. Iklimi kontinental. Oʻrtacha yillik t-ra 13°. Yanv. ning oʻrtacha trasi —2,7°, iyulniki 26,4°. Eng past t-ra 27°, eng yuqori t-ra 42°. Yiliga 192 mm yogʻin tushadi. Yogʻinning koʻp qismi qish va bahor fasllarida yogʻadi. Gʻarbdan baʼzan qattiq shamol va garmsel, Olay togʻi (Shohimardonsoy vodiysi)dan togʻvodiy shamoli esadi.

Fargʻona soʻzining kelib chiqishi toʻgʻrisida turli fikrlar mavjud. Olimlar «Fargʻona» soʻzining bundan 13 asr ilgari sugʻd yozuvlarida «Pargʻana», «Pragʻana» shakllarida yozilganligini hamda hind-sanskrit tilida «kichik viloyat»; fors tillarida «togʻ oraligʻidagi vodiy», «atrofi berk soylik» degan maʼnolarga ega boʻlganligini taʼkidlaydilar.

1876-y. Rossiya imperiyasi Qoʻqon xonligini yoʻqotib uning hududida Fargʻona viloyatini tuzgach, maʼmuriy markaz qurish uchun Margʻilondan 10 km jan. da joylashgan Yormozor va sobiq Sim, Chiringan qishloqlari oʻrnini tanladi. Shahar qurilishi loyiha boʻyicha 1877-y. iyunda boshlandi. Qurilish harajatlari, asosan, mehnatkashlar zimmasiga yuklandi (soliq solindi). Bu shaharni katta maydonni qurshab olgan qalʼa ichida qurish koʻzda tutildi. Qalʼadan shim. gʻarb va gʻarbga tomon radius shaklida uchta uzun koʻcha qurildi. Ulardan biri eski Margʻilon tomonga yoʻnaldi. Bu koʻchalar parallel tor koʻchalar bilan tutashtirildi. General-gubernator shaharni Yangi Margʻilon deb atashni buyurdi. Shaharning qurilishi 1904-y. da yakunlandi. Yangi Margʻilon, asosan, Margʻilonsoyning chap sohilida joylashdi. Oʻng sohili bozor uchun moʻljallandi. Shaharning jan. qismida kazarmalar qurildi, gʻarbiy qismida harbiy boshqarma joylashtirildi. 1880-y. da bu boshqarma yozgi harbiy lagerga oʻzgartirildi.

Shahar koʻchalarining har ikki tomoniga daraxt ekildi. Shaharda sanoat korxonalari qurilmadi. 1898-y. Samarqand—Andijon t. y. oʻtkazilishiga qaramasdan, shaharning kengayishi va rivojlanishi sekinlik bilan bordi. 1891-y. da shaharda 2 ta pivo pishirish va bitta koʻnchilik z-di faoliyat koʻrsatdi. Mahalliy yarim kustar korxonalar mahalliy xom ashyoni qayta ishlash bilan shugʻullanardi. Paxta tozalash z-di faqatgina t. y. oʻtkazilgandan keyin qurildi. 1899-y. da Yangi Margʻilon sh. aholisi atigi 4 ming kishini tashkil etdi.

1907-y. da mustamlakachi maʼmurlar shahar nomini oʻzgartirib, Skobelev deb atadilar. Oʻsha yili t. y. vokzalini ham qurish boshlandi.

1914-y. da yana 4 ta paxta tozalash z-di va 8 ta pilla quritish moslamasi foydalanishga topshirildi. Shaharchada, asosan, podsho maʼmuriyati va amaldorlari, harbiylar, savdogar va mahalliy boylar yashardi. 1913-y. da shahar aholisi 14 ming kishiga yetdi. Shundan oʻzbeklar atigi 3216 kishini tashkil etdi.

Shahar tunda 80 ta yoritqich (fonus) b-n yoritilardi. Doʻkonlar aholiga xizmat koʻrsatgan. 1917-y. gacha shahardagi 3 ta gimnaziyada 600 oʻquvchi, 5 ta maktabda esa 821 oʻquvchi oʻqidi. Ularga 20 oʻqituvchi saboq berdi. Shaharda birgina kasalxona (35 oʻrin) va bir dorixona mavjud edi.

1917y. 6—7 dek. da Skobelevda hokimiyatni shoʻrolar egalladi. 1921-y. da Oʻrta Osiyo ipakchilik sanoatining dastlabki korxonasi — pillakashlik f-kasi foydala nishga topshirildi. 1917-y. gacha shaharda, quvvati 700 kVt boʻlgan xususiy (Lipinskiyga qarashli) elektr styasi boʻlgan. Oʻsha yildan keyin Fargʻona vodiysida yagona boʻlgan issiqlik elektr markazi ishga tushirildi. Quvasoy issiqlik elektr styasi faoliyat koʻrsata boshlagandan keyin ular yagona energiya sistemasiga birlashtirildi. Shundan keyin toʻqimachilik f-kasi, yogʻ z-di ishlay boshladi. Paxta tozalash z-dlari, tegirmonlar, kustar korxonalar qayta qurilib kengaytirildi va elektr energiya quvvati bilan ishlay boshladi. 2-jahon urushidan keyingi yillarda ishga tushirilgan Xoʻjaobod—F., Shim. Soʻx—F. — Quvasoy gaz quvurlari Fargʻonani Buxoro yaqinidan boshlangan yagona gaz quvuri sistemasi bilan bogʻladi.

Undan keyin gidroliz z-di, 1958-y. da neftni qayta ishlash z-di ishga tushirildi. 1960-y. larda Fargʻonada temirbeton buyumlari, shifer-gʻisht z-dlari, 2 issiqlik elektr markazi qurildi.

Shaharda 2300 dan ortiq kichik korxona, 10 avtokorxona, mahalliy xom ashyodan kimyoviy tola (atsetat ipagi) ishlab chiqaradigan, azot, sovun, gaz apparatlari, neftni qayta ishlash, mexanika, paxta tozalash, konserva z-dlari; uysozlik, moy, sut k-tlari, trikotaj, pillakashlik, poyabzal f-kalari, «Fargʻonapivo», don mahsulotlari korxonalari ishlab turibdi. 24 qoʻshma korxona («KabulFargʻona», «Oʻzsalaman», «Ferteks», «Yevraziya Tapo Disk», «Ferkon» va b.) faoliyat koʻrsatadi. Sanoat korxonalari, asosan, shahar markazida hamda Qirguli mavzeida joylashgan.

F. Respublikaning yirik ilm va madaniyat markazlaridan biridir. Fargʻonadan 52 km jan. da Shohimardon kurorti, shahardan 32 km narida, Oltiariq tumanidagi xushmanzara joyda 2 yirik shifoxona joylashgan. 2 madaniyat saroyi, 28 kutubxona, viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, 4 madaniyat uyi, musiqali drama teatri, rus drama teatri, qoʻgʻirchoq teatri, yoshlar xiyoboni, madaniyat va istirohat bogʻi, Toshkent 2-tibbiyot in-ti filiali, un-t, politexnika in-ti, 3 ta bolalar musiqa maktabi, sanʼat maktabi, 41 umumiy taʼlim, 4 kattalar taʼlimi maktablari, 3 akad. litsey, 18 kasbhunar kolleji faoliyat koʻrsatadi. 3 stadion, sport majmuasi, kasalxona, poliklinika, dorixonalar mavjud. Fargʻonadan tuman markazlari, shahar va shaharchalariga avtobus qatnaydi. Havo transporti orqali Toshkent sh., viloyat markazlari va xorijiy davlatlar bilan bogʻlangan. Shaharda 2 viloyat gaz., shahar gaz. («Fargʻona tongi», 1955-y. 29 dek. da tashkil etilgan, adadi 3000), 22 tarmoq gaz., 15 xususiy gaz. va 6 jurnal nashr etiladi. 3 ta telestudiya faoliyat koʻrsatadi.

Ad.: Tuxtasinov I., Fergana, T., 1969,Bobobekov X., Qoʻqon tarixi, 1996; Kolbinsev A., Fargʻona vodiysi boʻylab, 1979; Isxakov Fargʻona, Proshloye glazami istorika, 1994.