FISHER Emil German (1852.9.10, Eyskirxen — 1919.15.7) — nemis organik kimyogari. Strasburg un-tini tugatgan (1874). Myunxen (1879-y. dan), Erlanger (1882-y. dan), Vyursburg (1885-y. dan), Berlin (1892—1919) un-tlari prof. Ilmiy ishlari uglevodorodlar, oqsillar, purin birikmalari kimyosiga oid. Purinning fiziologik faol hosilalaridan — kofein, teobromin, ksantin, gipoksantin, teofillin, guanin va adeninni (1897), siydik kislota (1899), shuningdek, purinni (1898) sintez qilgan. Qandlar (1887-y. dan), mannoza, fruktoza va glyukoza (1890) sintezini amalga oshirgan. Koʻpgina oqsillarning parchalanish mahsulotlarida valin (1901), prolin va oksiprolin (1902) mavjudligini ochgan, polipeptidlar sinteziga asos solgan va ilk bor sof dipeptid olgan (1902). Nobel mukofoti laureata (1902).