FLEGMONA

FLEGMONA (yun. plegmone — isitma, yalligʻlanish) — yogʻ qavatining tarqoq, oʻtkir yiringli yalligʻlanishi. Paydo boʻlgan joyiga koʻra, teri osti (yuza), muskullararo (chuqur), qorin orti, buyrak (paranefrit) va toʻgʻri ichak atrofi (paraproktit) yogʻ qavatlari Flegmonasi ajratiladi. Mikroblar yogʻ qavatiga chaqalangan, shikastlangan teri yoki shilliq qavat orqali, shuningdek, abssess, chipqon, xoʻppoz kabi organizmda mavjud yiringli manbalardan oʻtadi (q. Chipqon). Bunda koʻpincha teri osti yogʻ qavati yalligʻlanadi. Flegmonada qattiq ogʻriq va shish paydo boʻlib, shu soha terisi qizaradi, anchagina joy yalligʻlanadi. Kasallik zoʻrayganda t-ra koʻtarilib, et uvushadi, koʻngil aynishi, bosh ofigʻi va b. kuzatiladi. Flegmona atrofdagi toʻqimalarga ham tarqalib ketishi natijasida pay, boʻgʻim va muskullarning yiringli yalligʻlanishi yuzaga keladi. Flegmona, asosan, operatsiya yoʻli bilan davolanadi. Oʻz vaktida oldi olinsa, bemor tezda tuzalib ketadi, kechiktirilganda sepsis paydo boʻlishi mumkin. Panja F. si ogʻirroq kechganda bemor barmokdarini harakatlantira olmay qoladi. Flegmonaning oldini olish uchun chaqalangan joylarni, teri va teri osti yogʻ qavatining yiringli kasalliklarini oʻz vaqtida davolatish, shuningdek, teri va shilliq qavatning shikastlanishiga yoʻl qoʻymaslik, gigiyena qoidalariga rioya kilish zarur.

Prev Article

FLEGMATIK

Next Article

FLEYTA