FLEKTIV TILLAR

FLEKTIV TILLAR — grammatik, baʼzan leksik maʼnolar fleksiya yoʻli b-n ifodalanadigan tillar; lingvistik tipologiya, tillarning morfologik tasnifidagi asosiy tushunchalardan biri. Flektiv tillar tushunchasi 1809-y. da nemis olimi F. Shlegel tomonidan fanga kiritilgan. U som tillari, gruzin tili va baʼzi hindevropa tillarini Flektiv tillar qatoriga kiritadi. Flektiv tillar 2 ta, odatda, oʻzaro kesishuvchi ichki va tashqi fleksiyali guruxlarga boʻlinadi.

Tashqi fleksiya (fuziya — asos bilan affiksni ajratish, farklash qiyin boʻlgan holat), affikslardan farqli ravishda, koʻp maʼnolilik [mas, «rukoy» shaklidagi «oy» morfemasi bir paytning oʻzida jins (jenskiy), son (birlik) va kelishik (tvoritelnыy) maʼnolarini ifodalaydi], shuningdek, asos bilan mahkam bogʻlanganlik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ichki fleksiyada morfema tarkibidagi unlilarning shartlanmagan urin almashinuvi grammatik maʼnoga ega boʻladi: nemis tilida geht — bormoqda, ging — bordi, der Gang — borish; arab tilida qatala — (u) oʻldirdi, qutila — oʻldirilgan, qattol — oʻldiruvchi va sh. k. Ichki fleksiya mexanizmi, ayniqsa, feʼl morfologiyasida, som tillarining feʼl turkumida yaqqol namoyon boʻladi. Fleksiya tilda aksar hollarda maʼno ifodalashning boshqa vositalari bilan birikkan holda boʻladi.

Prev Article

FLEKSIYA

Next Article

FLEMING