FUNKSIYA

FUNKSIYA (lot. functio — bajarish, amalga oshirish) (tilshunoslikda) — muayyan til, til birligi, lisoniy shaklning u yoki bu vazifani bajarish qobiliyati; tilning kishilik jamiyatidagi roli, vazifasi; til tizimining barcha sathlarida uning birliklari oʻrtasidagi bogʻliqlik yoki munosabatlar. Til birligi Funksiya sini belgilash uning muayyan til (til tizimi) dagi rolini aniqlashni koʻzda tutadi, mas, gapda kommunikativ (biror narsa, voqea haqida xabar berish) va nominativ (ushbu voqeani atash) Funksiyalar ajratilishi mumkin. Har bir til birligi maʼlum maqsad uchun xizmat qiladi, yaʼni muayayn Funksiyani (vazifani) bajaradi, shuning uchungina boshqa til birligidan farq kilgan holda mavjud boʻladi. Til birliklarining koʻplab Funksiya lari — oʻxshatish, ajratish, farqlash Funksiyalari ajratiladi; ana shu Funksiya larga muvofiq ravishda til birliklarining oʻzlari ham farqlanadi, ajratiladi. Mac, fonema turli soʻz va morfemalarni farklash yoki ular orasiga chegara qoʻyish uchun xizmat qiladi.

Funksiyalar nafaqat til birliklarini, balki tilning oʻzini tizim sifatida tavsiflashda ham oʻrganiladi. Tilning asosiy Funksiya lari: kommunikativ (muomala, aloqa qilish Funksiyasi), bilish, aks ettirish, shakllantirish, aloqa oʻrnatish, nominativ (borlikdagi narsa va hodisalarni nomlash, atash), ekspressiv (ifoda, bayon F. si), apellyativ (murojaat, undash, daʼvat Funksiyasi) va b. Til Funksiyalari qatorida uning sathiy Funksiyalari — fonologik, morfologik va b. F. lari ham koʻrsatiladi. Funksional nuqtayi nazardan til tizimi koʻp oʻlchovli tuzilma boʻlib, uning namoyon boʻlish shakllari (ogʻzaki va yozma til), ijtimoiy maqsadvazifasi (adabiy til, ijtimoiy guruxlar tillari, argo va b.), estetik yunalganligi (poetik til) va b. jihatlari farklanadi.

Prev Article

FUNIKULYOR

Next Article

FUNKSIYA