GANA — Afrikadagi qad. davlat (mil. 4—13-a. boshi); hoz. Mavritaniyaning jan. qismi va Mali Respublikasining gʻarbiy qismini oʻz ichiga olgan. Gana aholisi mande xalqlari guruhiga mansub soninkelardan tashkil topgan. Davlat poytaxti — Kumbi-Sale sh. G – aholisi dehqonchilik, chorvachilik, metallni qayta ishlash bilan mashgʻul boʻlgan. Gananing eng taraqqiy etgan davri 9—11a. oʻrtalariga toʻgʻri keladi. 13-a. boshida Mali (G. ning jan. dagi viloyati) hokimlari kuchayib, Gana hududida Mali davlatini barpo etganlar. Hoz. Gana davlati nomi Ganadan olingan.