GOGEN

GOGEN (Gauguin) Pol Ejen Anri (1848.7.6, Parij — 1903.8.5, Markiz orollari ) — fransuz rassomi; postimpressionizmning yirik vakili. 1883-y. dan ijod bilan shugʻullangan. G. Yunoniston, qad. Sharq mamlakatlari sanʼati, ibtidoiy madaniyati bilan qiziqdi. Oʻtmish hayot tarziga qiziqish uni simvolizm bilan yaqinlashtirdi, oʻziga ergashgan yoshlar bilan oʻziga xos yangi rangtasvir tizimi («sintetizm»)ni yaratdi. Gogenning «Arldagi qahvaxona» (1888), «Rashk qilasanmi?» (1892), «Taiti pastorali» (1893), «Qirolning xotini» (1896), «Meva terimi» (1899) va b. asarlarida notanish olamning ajoyibotlari, inson va tabiat uygʻunligi haqidagi orzularining goʻzal dunyosini yaratishga intiladi. Gogen ijodiga xos boʻlgan joʻshqin rang, bezak va mahobatlilikning uygʻunligi 20-a. boshida yashagan rassomlarning ijodiy izlanishlariga taʼsir koʻrsatdi.