GOLDONI

GOLDONI (Goldoni) Karlo (1707.25.2, Venetsiya – 1793.6.2, Parij) — italyan dramaturgi, italyan teatri islohotchisi, milliy komediya asoschisi. Dastlabki asarlari («Momolo kortezan», 1738; «Momolo Brenteda», 1739; «Sinish», 1741) dayoq niqoblar komediyasi (syujetning qisqa sxemasidan iborat ssenariy asosida tayyorgarliksiz tomosha yaratish)ni isloh qilgan. Mazkur asarlar muqim matnga, aniq insoniy xarakterlarga, maʼrifatparvarlik gʻoyalari singdirilgan, jamiyatning illatlarini tanqid qiluvchi mazmunga ega edi. Ayni paytda Goldoni niqoblar komediyasining afzal tomonlarini — xushchaqchaqlik, syujet rivojidagi izchillikni saklab qolgan. Goldoni 155 komediya, 18 tragediya, 94 libretto yozgan. Teatr tarixiga oid «Memuarlar» (1784—87) muallifi. «Mehmonxona bekasi», «Ikki boyga bir malay» va b. komediyalari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan.