GOʻNGXONA

GOʻNGXONAchorvachilik binolaridan chiqarilgan goʻngni yigʻish, yuqumsizlantirish va saqlash uchun quriladigan inshoot; goʻng saqlanadigan maxsus joy. Goʻngxona goʻng holati, saqlash muddati, yigʻib chiqarish usuli va iqlim sharoitlariga qarab turlicha boʻladi. Oddiy Goʻngxona chuqurligi 1 m, tubining eni 3—3,5 m, ogʻzi 4—4,5 m qilib qazilgan oʻradan, goʻng shaltogʻi yigʻiladigan bitta yoki ikkita chuqurdan iborat. Transport kirib-chiqishi uchun bosh tomoni va oxiri nishab qilingan boʻladi. Goʻngxona tubiga tosh yoki gʻisht teriladi, shaltoq toʻplanadigan chuqurlarning tubi va devori suv oʻtkazmaydigan qilinadi. Yer osti suvlari yuza yerlarda Goʻngxona oʻrnini past devor bilan oʻrab, uni yer betiga qurish ham mumkin. Goʻngxonaga goʻng ustma-ust solinaveradi. Zarur miqdorda fosforit uni qoʻshiladi, ustidan mashina, traktor yoki ot-arava yurgizib zichlanadi va uyum yer betidan 1 m koʻtarilganda ustiga 10 — 15 sm qalinlikdan tuproq solinadi. Yozda vaqt-vaqti bilan suv sepib turiladi. Bunda goʻng yaxshi saqlanadi, yaxshi chirib, sifati oshadi.