GORDLEVSKIY Vladimir Aleksandrovich [1876.25.9(7.10), Sveaborg — 1956.10.9, Moskva] — rus sharqshunosi, turkiyshunos; akad. (1946). Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1954), filol. fanlari dri (1934). Moskvadagi Lazarev nomidagi Sharq tillari in-ti (1899) va Moskva un-ti (1904) ni tugatgan. Sharq tillari in-ti (keyinchalik Moskva Sharqshunoslik in-ti) da oʻqituvchi, prof. (1907 — 48), sobiq Ittifoq FA Sharqshunoslik in-tida boʻlim boshligʻi (1948—56). Asosiy ilmiy ishlari turk tili, adabiyoti, ogʻzaki ijodi, Turkiya tarixi, etnografiyasi va b. ga bagʻishlangan. Gordlevskiy «Turk tili grammatikasi» (1928) qoʻllanmasi muallifi.