GOʻSHT PASHSHALARI

GOʻSHT PASHSHALARI — ikki qanotli hasharotlarning yigʻma guruhi, koʻk Goʻsht pashshalari (Calliphoridae) va kulrang Goʻsht pashshalari (Sarcophagidae) oilalarini oʻz ichiga oladi. Koʻk Goʻsht pashshalarining tanasi yaltiroq-yashil yoki koʻk, yaltiroq-qoramtir tuklar bilan qoplangan. Har xil joylarda, jumladan hayvonlar tezagi, axlatxonalarda uchraydi. Ayrim sinantrop (odamlar yashaydigan joylarda yashovchi) turlari kasallik tarkatadi yoki terida yara paydo qiladi. Qurtlari hayvonlar oʻlimtigi, kushxonalar va oziq-ovqat chiqindilarida, goʻng va axlatda koʻpayadi. Kulrang Goʻsht pashshalarining tanasi yirik tuklar bilan qoplangan. Goʻsht pashshalarining 2500 ga yaqin, jumladan Oʻzbekistonda 150—170 turi maʼlum. Tirik tugʻadi. Qurtlari hasharotlar va umurtqali hayvonlarda parazitlik qiladi yoki ularning oʻlimtigi bilan ozikdanadi. Bir qancha turlari nashtarli pardaqanotlilar inida yashab, ular gʻamlagan oziqni yeydi. Kulrang Goʻsht pashshalaridan volfart pashshasi koʻpchilikka maʼlum.