GOTIKA

GOTIKA (ital. gotico — german qabilalaridan gotlar nomidan) , gotika uslubi — Gʻarbiy, Markaziy va qisman Sharqiy Yevropa mamlakatlarida oʻrta asrlar sanʼatida hukm surgan badiiy uslub. «Gotika» termini Uygʻonish davrida qoʻllanila boshlagan. 12-a. da roman uslubi oʻrniga yuzaga kelgan. Gotikada yetakchi oʻrinni meʼmorlik egalladi, unda meʼmorlik, haykaltaroshlik va rangtasvir (asosan vitraj)ning uygʻunligi buyuk namunasi boʻlgan ibodatxona alohida oʻrin tutadi. Ibodatxona qurishning yangi loyiha tizimi ishlab chiqildi: bosh tarzi uchli ravoqli va gumbazlari qovurgʻali (nervyur), ogʻirligi arkbutanlar orqali tashqi devor va tayanch ustunlar (kontrfors)ga oʻtkazilgan sinchli tuzilma. Gumbaz toʻshamalari yengil qalamalar b-n toʻldirilgan, ustun oralaridagi yirik oynalar vitrajlar bilan bezatilgan, gʻarbiy tarzida minoralar (bal. 150 m gacha) qurilgan. Bu yangi loyiha neflar kengligi va bino balandligini birmuncha oshirgan. Shuning hisobiga inshoot yengil, mujassamotiga koʻra koʻkka choʻzilgan. Ichi va tashqarisi haykallar va nafis tosh oʻymakori bezaklar bilan bezatilgan. Mujassamotida panjarali baland minoralar muhim oʻrin tutgan. Gotika meʼmorligiga uchli vimperglar, deraza va peshtoqlar, doira shaklidagi oynalar, bezak qism (fial)lar va sh. k. meʼmoriy shakllar xos.

Gotika 12-a. oʻrtalarida Shim. Fransiyada yuzaga keldi. 13-a. 1-yarmida yuksak darajada rivojlandi. Shu yerda Gotikaning tosh ibodatxonalari oʻzining mumtoz shakliga ega boʻldi. Bibi Maryam ibodatxonasi (Notrdam, 1163—1257), Shartr (1194-1260), Reyms (1211-1311), Amyen (1220—88) va b. dagi ibodatxonalar Gotikaning yuksak namunasidir.

Niderlandiya, Shim. Germaniya, Skandinaviya, Ispaniya, Italiya, Polsha, Chexiya, Latviya, Estoniya va b. joylarda ham Gotika mahalliy anʼanalar taʼsirida rivojlandi. Gotikaning ilgʻor usullari Uygʻonish davri va barokko meʼmorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Gotika tasviriy sanʼati diniy va dunyoviy dunyoqarashlardagi uygʻunlikni saqlagan holda rivojlandi, ayni vaqtda voqelikni uning hodisalari bilan birga aks ettirishga intildi. Ibodatxonalar bezagida haykal va relyeflar (mas. Reyms ibodatxonasida 2300 dan ortiq haykal), vitrajlar (Sen-Deni, Shartr va b. da) keng qoʻllanilgan, tasviriy sanʼat asarlari meʼmoriy mujassamotga boʻysundirilgan. Diniy mavzudagi asarlar bilan bir qatorda maishiy lavhalar, mehnat jarayoni aks etgan, baʼzan hajviy lavhalar ham uchraydi (Parij, Amyen, Strasburg va b. joylardagi ibodatxonalar). Amaliy bezak sanʼati yuksak darajada rivojlandi: tosh va fil suyagi oʻymakorligi, metall buyumlar, emal va sh. k. Rangtasvirda nisbatan kitob miniatyurasi keng taraqqiy etdi, unda tarixiy va maishiy lavhalar haqqoniy aks ettirildi.

Oʻzbekistan hududida 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida Gotika uslub-belgilari meʼmorlikda paydo boʻldi (mas, Toshkent sh. dagi Kirxa binosi).

Neʼmat Abdullayev.

Prev Article

GOT TILI

Next Article

GOTLAR