GOVCHI

GOVCHI (Gaogyuy, Gaozyuy yaʼni Govjuy, Qongqil, Qangqi, Toʻlish, Toʻloʻs deb ham aytiladi) — uygʻur qabilalar birlashmasiga kirgan sharqiy toʻra (xitoycha chidi, tele, dili) ning xitoy manbalarida nomlanishi. 4-a. da qizil di qavmiga mansub sharqiy toʻralar, baland (gov) arava (chi) larda yurganligi uchun, «Govchi» (baland aravaliklar) deb tilga olinadi (turkiycha «Qongqil»). G. lar di (toʻra), uygʻur, koʻgʻoʻrsu, chibni (qebar, chuba), qujiya (qutlugʻ gʻuz), etkin (eltegin, izgil) va poʻvurgʻur kabi 7 qabila birlashmasidan tashkil topgan.

Govchilar asosan chorvachilik va ovchilik bilan shugʻullangan. Ularda hunarmandchilik ham taraqqiy qilgan boʻlib, metall buyumlari, teri, kigiz va araq achitqilari ishlab chiqarilar edi. Xususan, arava yasashda Govchilar mohir ustalar hisoblangan. Ular aravalardan uy tariqasida foydalanib koʻchib yurganlar. Har bir oila birikkita aravaga ega boʻlgan. Govchilar aholisi koʻp sonli boʻlib, baʼzi qabilalar bir necha yuz mingdan oshib ketgan. Qabilada qabila oqsoqoli «barlos» deb atalgan. Barloslar bilan birga botir, pahlavonlar «bogʻo» yoki «bogʻodur» deb ulugʻlangan. Govchilar shaman diniga eʼtiqod qilganligi maʼlum. Ular momaqaldiroqni yomonlik belgisi deb tushunishgan va unga qarata oʻq uzishgan. Yashin tushgan joydan koʻchib ketishgan. Kelasi yil oʻsha joyga qaytib kelib xudoyi qilishgan. Ular joʻr boʻlib ashula aytib raqsga tushishni yaxshi koʻrganlar. Qiz olganda, quda tomonga qalin uchun beriladigan ot, qoramolni tanlab olishga yoʻl qoʻyilgan. Oʻlgan odamlarga qattiq yigʻlab aza tutilgan. Oʻra qazib jasadni unga tashlab ustidan tuproq tortmaganlar. Mil. 546-y. Qongqil xonligi Turk xoqonligi tomonidan boʻysundirilgandan soʻng Govchi atamasi xitoy manbalarida boshqa nomlar bilan atala boshlagan.

LL. Bichurin N. Ya. (Iakinf), Sobraniye svedeniy o narodax obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena, M. — L., t.1, 1950. Abduxoliq Aytboyev.