GOYYA

GOYYA, Goyya-i-Lusyentes (Goya u Lucientes) Fransisko Xose de (1746.30.3, Saragosa – 1828.16.4, Bordo) — ispan rassomi. Madrid BA aʼzosi (1780). 1786-y. dan saroy rassomi, 1799-y. dan qirolning bosh rassomi. Saragosada (X. Lusanimartinesdan) va Italiyada (1769—71) taʼlim olgan. Goyyaning erksevar sanʼati oʻzining dadilligi, joʻshqin ehtirosi, ijtimoiy yoʻnalishi bilan ajralib turadi. 1773-y. dan Madridda yashagan. F. Baye ustaxonasida ishlagan, qirol shpaler manufakturasi uchun 60 dan ortiq namoyon (kartina)lar yaratgan. 1780-y. lar boshidan portretchi sifatida shuhrat qozonadi, asarlarida hashamatlilik oʻrnini asta-sekin sirlilik, dilkashlik, yengil kinoya egallaydi («Markiza Solan portreti», 1792; «Gersogina Alba portreti», 1795; «Qirol Karl IV oilasi», 1800 va b.); devoriy rasmlarida diniy mavzularni hayotiy koʻrinishlar tarzida ifodalaydi (San Antonio de la Florida cherkovi kapellasi, 1798, Madridda; Karning uyi, 1820—23 va b.). Grafika asarlarida Goyyaning ulkan isteʼdodi namoyon boʻldi («Kaprichos» turkumi, 80 varakda rassomning izohli matni b-n, 1797—98; «Urush ofatlari» turkumi, 22 varaqda, 1810—20 va b.), yirik kartinalari («1808-y. 2 dan 3-mayga oʻtar kechasi qoʻzgʻolonchilarni otib oʻldirish»; «Madriddagi 1808 yil 2 may qoʻzgʻoloni», ikkalasi ham taxm. 1814 va b.)da davrining eng muhim voqealarini yorqin aks ettiradi. Goyya ijodi umumevropa badiiy madaniyatiga kuchli taʼsir koʻrsatgan, bu taʼsir 20-a. gacha sezilib turadi.

Prev Article

GODOGRAF

Next Article

GOKLA