GRADUS OʻLCHASHLAR

GRADUS OʻLCHASHLAR — Yerning shakli va oʻlchamlarini aniqlash uchun yer sirtida juda aniq bajariladigan geodezik va astronomik ishlar. Meridianlar va parallellar yoylarining uzunligi geodezik usullarda, yoylarning oxirgi punktlari geografik koordinatalari astronomik kuzatuvlar asosida topiladi. Yerning shar shaklidaligi haqidagi taʼlimot paydo boʻlgandan soʻng (mil. av. 5-a) uning radiusini aniqlash zarurati tugʻildi va Gradus oʻlchashlarning dastlabki geometrik asoslari ishlab chiqildi. Oʻsha paytlarda Gradus oʻlchashlar bir meridianda yotgan ikki nuqta A va V orasidagi meridian yoyining chiziqli uzunligi S ni va shu nuqtalarda biror osmon yoritqichi ning zenit uzokligi z ni oʻlchashdan iborat boʻlgan. Meridian yoyining chizik,li uzunligi S bilan Yer markazidagi unga mos burchak (meridian yoyi oxirgi nuqtalari kengligi farqiga teng burchak.

Qad. Misr va Yunoniston olimlari Yerning kattaligini aniqlash ustida ish olib borganlar. Aleksandriyalik olim Eratosfen (mil. av. 276—195-yillar) Aleksandriya va Siyena (hoz. Asvon) sh. lari bir meridianda yotadi deb hisoblab, yozgi Quyosh turishi kuni Quyoshning meridiandan balandligini oʻlchab, bu shaharlarning kengliklari farqi 7° 12ʻ ekanligini aniqlagan. Aleksandriya bilan Siyena sh. lari orasidagi masofa taxminan 5 ming Misr stadiyasiga tengligini bilgan Eratosfen Yer sharining radiusi 39790 stadiyaga (6311 km ga) teng ekanligini hisoblab chiqargan.

Oʻrta asrda Sharq olimlari ham Yerning kattaligini aniqlash ustida ish olib borganlar. 827-y. arab xalifasi Maʼmun topshirigʻi bilan Sinjar (Mesopotamiya) tekisligida Yer sharining kattaligini aniqlash uchun Gradus oʻlchashlar olib borilgan. Bagʻdod shahri rasadxonasida ishlagan Muhammad ibn Muso Xorazmiy bu ishlarda bevosita ishtirok etgan. Bunda bir nuqtadan boshlab shim. va jan. ga tomon meridian yoyining uzunligi maxsus oʻlchov arqoni b-n, gradus qiymati esa yulduzlarni astronomik kuzatish yoʻli b-n aniqlangan. Bu G. oʻ. natijasida Yer meridiani yoyining bir gradusi 56,23 arab miliga (yoki 111,8 km ga) tengligi aniqlangan. Bu G. oʻ. oʻz davri uchun ancha aniq bajarilgan. Ikki nuqta orasidagi uzok, masofani oʻlchamay turib Yer kattaligini aniqlash usullaridan birini Abu Rayhon Beruniy taklif etgan va amalda qoʻllagan. Beruniy tekis joy ustida qad koʻtargan togʻ tepasida turib, maxsus asbob bilan ufqning pasayish burchagini oʻlchaydi va togʻ balandligini aniqlaydi. Soʻngra Yer radiusini hisoblab chiqaradi. Beruniy 1 gradus meridian yoyining uz. 56,6 arab miliga (112,6 km ga) tengligini aniqlagan. Bu qiymat 17-a. oxiriga qadar eng aniq, Gradus oʻlchashlar hisoblangan.

Gollandiyalik olim V. Snellius (1580—1626) triangulyatsiya metodini kashf qilgandan soʻng (1615—17) Gradus oʻlchashlar keng rivojlandi, chunki meridian va parallellarning istalgan qismi uzunligini aniqlashga imkon tugʻildi. Olimlar Gradus oʻlchashlarda triangulyatsiya metodini qoʻlladilar. I. Nyuton butun olam tortishish qonuniga asoslanib, Yer shar shaklida emas, ellipsoid shaklida, degan gʻoyani ilgari surdi (1680). Fransuz olimi J. Delambr 1800-y. da Yer ellipsoidi elementlarini hisoblab chiqdi. Delambr taklifiga koʻra, Yer meridiani aylanasi choragining 4-Yu7 dan bir ulushi 1 m deb qabul qilindi.

19-a. boshlarida turli mamlakatlarda bajarilgan astronomik-geodezik ishlar Yerning shakli ellipsoiddan bir oz farq qilishini koʻrsatdi. Mac, fransuz olimi P. S. Laplas (1749 — 1827) Fransiya va b. davlatlarda oʻtkazilgan Gradus oʻlchashlar natijalarini tahlil qilib, meridian yoyining qiymati ekvatordan qutbga tomon bir xilda kamaymasligini aniqladi va Yer noaniq va murakkab shaklda, degan xulosaga keldi.

1873-y. da nemis fizigi I. V. Listing (1808—82) Yerning bunday shaklini geoid deb atashni taklif etdi. Geoid shakli Yerning tortish kuchiga bogʻliq boʻlganligidan Gradus oʻlchashlardan tashqari gravimetrik ishlar olib borishga toʻgʻri keldi.

Rus geodezisti K. I. Tenner (1783 — 1860), astronomi V. Ya. Struve (1793 — 1864) Gradus oʻlchashlar olib borishgan. Natijada Dunay daryosining quyilish joyidan Skandinaviya yarim orolining shim. qirgʻogʻigacha boʻlgan 25°20ʻ meridian yoyining uzunligi hisoblab chiqildi. Bu yoyga «Struve yoyi» deb nom berildi. Undan Yerning kattaligini aniqlashda foydalanilgan. Rus olimlari K. I. Tenner (1844), F. F. Shubert (1861), A. M. Jdanov (1893) va b. Yer ellipsoidi elementlarini hisoblab chiqishgan. 1899—1902-y. larda Peterburg FA tashabbusi bilan Shvetsiya FA ishtirokida Yer sharining eng shim. Shpisbergen orolida Gradus oʻlchashlar olib borildi. Rus geodezisti F. N. Krasovskiy sobiq Ittifokda geodezik shoxobchalar barpo etish va topografik plan olish dasturini ishlab chikdi (1928). 1933-y. dan boshlab, sobiq Ittifoq hududining gravimetrik planini tuzish ishlari avj oldi. Geodeziya, aerofotosyomka va kartografiya markaziy ilmiy tekshirish in-tida Yerning shakli va kattaligini aniqlash yuzasidan muhim ishlar qilindi. Yer ellipsoidining kattaligi hisoblab chiqildi. Ana shu yer ellipsodi Krasovskiy ellipsoidi deb ataladi.

Gradus oʻlchashlarga doir i. t. ishlari Oʻzbekistan FA Astronomiya in-tida xam olib boriladi. Yer shaklining xarakteristikalarini, shuningdek, uning gravitatsion maydonini aniqlash uchun esa ogʻirlik kuchini oʻlchash usullaridan (q. Gravimetriya) va Yerning sunʼiy yoʻldoshlaridan foydalanilmoqda, Yerning oʻlchamlari, shakli va gravitatsion maydoni haqida olingan maʼlumotlar astronomiya, geodeziya, xaritagrafiya va b. fan sohalarini rivojlantirishda, Yerning sunʼiy yoʻldoshlarini, kosmik kemalarni uchirishda juda qoʻl keladi.

Salohiddin Nuriddinoye.