GREKLAR

GREKLAR (oʻzlarini ellines deb ataydilar) — xalq, Gretsiya va Kiprning asosiy aholisi. Umumiy soni 12,5 mln. kishi (1990-y. lar oʻrtalari). Jumladan Gretsiyada 9,7 mln. kishi, Kiprda 570 ming kishi, AKSHda 550 ming kishi, Germaniyada 300 ming kishi, Kanadada 150 ming kishi, RFda 92 ming kishi va b. Grek (yangi grek) tilida soʻzlashadi. Dindorlari — asosan pravoslavlar. Yevropeoid irqiga mansub.

Greklar koʻp ayerlik tarixga ega xalq (q. Yunoniston). Qad. grek elati mil. av. 2-ming yillikning boshlarida Bolqon ya. o. ga qad. grek qabilalari — axeylar va ioniylar, mil. av. 12-a. da esa — doriylar koʻchib kelib, mahalliy tub aholi (pelasglar va b.) bilan qoʻshilib ketishi natijasida shakllana boshlagan. Grek kolonizatsiyasi davrida (mil. av. 8—6-a. lar) ular oʻzlarini «ellinlar» deb atay boshlaganlar. Oʻrta asrlarda ellinlar negizida va valaxlar, slavyanlar (6—7-a. lar), albanlar (13 — 15-a. lar) ishtirokida yangi grek xalqi shakllandi. Greklar dehqonchilikda asosan uzum, tamaki, zaytun, sitrus mevalari, gʻallachilik, togʻlik tumanlarda chorvachilik, dengiz boʻylarida baliqchilik bilan shugʻullanadilar. Kustar hunarmandchilik (gilam toʻqish, zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, kulolchilik) rivojlangan. Greklarning katta qismi sanoat, savdo va transportda band. G. ning tarixi, iqtisodi va madaniyati haqida Gretsiya maqolasiga qarang.