GRETSIYA

GRETSIYA, Gretsiya Respublikasi (Helliniki Dimokratia) — Jan.-Sharqiy Yevropada, Bolqon ya. o. ning jan. da va uning atrofidagi orollarda (yiriklari — Krit, Evbeya, Rodos, Lesbos) joylashgan davlat. Mayd. 131,9 ming km2. Aholisi 10,6 mln. kishi (2000). Poytaxti — Afina sh. Maʼmuriy jihatdan 52 nom (viloyat)ga, nomlar yeparxiyalarga boʻlinadi. 10 tarixiy-geografik viloyatga boʻlish ham mavjud.

Davlat tuzumi. Gretsiya — parlamentam respublika. Davlat boshligʻiprezident. Amaldagi Konstitutsiyam 1975-y. da qabul qilingan. Unga 1986-y. 7-martda kiritilgan tuzatishlarga binoan prezident parlamentda ochiq ovoz berish yoʻli bilan 5 y. muddatga saylanadi. U yana bir marta shu lavozimga qayta saylanishi mumkin. Prezident 10 kundan ortiq chet elda boʻlganida, vafot etganida, isteʼfoga chiqqanida yoki ishga layoqatsiz boʻlib qolganida uning vazifasini Deputatlar palatasining raisi bajarib turadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Deputatlar palatasi (bir palatali parlament) va respublika prezidenti amalga oshiradi. Parlament umumiy toʻgʻri va yashirin ovoz berish asosida 4 y. muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Prezident bosh vazirni va uning tavsiyasiga koʻra hukumatning boshqa aʼzolarini tayinlaydi. Bosh vazir lavozimiga parlamentda koʻpchilik oʻringa ega boʻlgan partiyaning rahbari tayinlanadi.

Tabiati. Gretsiya quruq subtropik mintaqada joylashgan. Mamlakat hududining 80% togʻlik. Oʻrtacha bal. 1000-1800 m li togʻlar koʻp, eng baland choʻqqisi — Olimp togʻi (2911 m). Togʻlar eroziya taʼsirida parchalanib ketgan va karst avj olgan. Peloponnes ya. o. ning sharqida va Kiklada o. larida tez-tez zilzila boʻlib turadi.

Qazilma boyliklar, asosan, Gretsiya sharqidan topilgan: temir, marganes, xrom, nikel, qoʻrgʻoshin, pyx, boksit, marmar, qum qayroq, qoʻngʻir koʻmir va b. Neft qazib olinadi.

Iqlimi Oʻrta dengizga xos subtropik, qishi sernam va yumshoq; yozi issiq va quruq. Afinada yanv. t-rasi 4 — 12°, iyulniki 25—27°. Yogʻin shim.-gʻarbdan jan.sharqqa kamayib boradi. Oʻrtacha yillik yogʻin togʻlarda 1500 mm gacha, tekisliklarda 400—700 mm (80%i qishda yogʻadi). Mamlakat shim. da iqlim sovuq, qishda t-ra 0° dan past boʻladi. Daryolari — Vardar, Maritsa, Strimon, Nestos (Mesta) va b. Togʻ daryolari koʻp, ular yomgʻir va qordan suv oladi, yezda suvi kamayib qoladi. Karst koʻllari va mineral buloqlar koʻp. Koʻllari — Prespa, Trixonis. Dengiz sohillaridagi va past togʻlik joylardagi butazor va quruq oʻrmonlar tagida jigarrang va qoʻngʻirjigarrang tuproqlar; balandroqda qoʻngʻir oʻrmon-togʻ tuproqlari uchraydi. Koʻp joylarda tuproq qatlami suv va shamol eroziyasiga uchraydi. Gretsiyaning 44% maydoni oʻrmon va 28° butazorlar bilan band.

Dub, qora qayin, kashtan, shumtol, oq qaragʻay, zarang, yongʻoq va b. oʻsadi. Togʻlarda boʻri, ayiq va yovvoyi oʻrmon mushugi yashaydi. Chiyaboʻri, ilon, kaltakesak va toshbaqa koʻp. Milliy bogʻlari — Vikos-Aoos, Mikra-Presna, Eta va b.

Aholisining 95%i greklar. Mamlakatning markaziy viloyatlarida albanlar va aromunlar, sharqida turklar yashaydi. Yahudiy, loʻli va bolgarlar G. ning hamma joyida bor. Rasmiy tilgrek tili. Aholining aksariyati pravoslavlar; 5%i boshqa dinlarda. Aholining 59%i shaharlarda, 11 %i shaharchalarda, 30%i qishloq joylarda yashaydi. Uning oʻrtacha zichligi — 1 km2 ga 75 kishi toʻgʻri keladi. 5 mln. ga yaqin grek mamlakat tashqarisida, asosan AQSHda (2 mln. kishi), Kanada, Avstraliya, GFRda istiqomat qiladi. Yirik shaharlari — Afina, Saloniki, Patri.

Tarixi. Hoz. Gretsiya hududida qadim zamonlarda antik sivilizatsiya mavjud boʻlgan (q. Yunoniston). Mil. 4-a. da Gretsiya Vizantiya tarkibiga kirgan. 14—15-a. larda Usmonli turk imperiyasi tomonidan istilo etilgan. Grek xalqi xorijiy bosqinchilarga qarshi bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtardi (1571, 1611-y. larda). Buyuk fransuz inqilobidan taʼsirlangan inqilobchi-demokrat Rigas Velestinlis Gretsiya va b. Bolqon davlatlari uchun konstitutsiya yozdi. 1814-y. Odessada «Filiki Eteriya» («Axil jamiyat») nomli maxfiy inqilobiy tashkilot tuzildi. Bu tashkilotga 1820-y. da rus armiyasi generali, grek aristokrat oilasidan chiqqan A. Ipsilanti rahbar boʻldi. «Filiki Eteriya» ozodlik harakati bayrogʻini koʻtardi va 1821-y. 25-martda Gretsiya mustaqillikka erishdi. 1822-y. yanv. da Epidvarda chaqirilgan Milliy majlis G. ning birinchi konstitutsiyasini qabul qildi va Gretsiyani mustaqil deb eʼlon qiddi. 1827-y. apr. da grek siyosiy arbobi I. Kapodistriya prezident qilib saylandi. Rossiya-Turkiya urushi (1828—29) dan soʻng 3 davlat (Angliya, Fransiya, Rossiya) London konferensiyasi karorlariga muvofiq, 1830-y. ning 3 fev. dan boshlab Gretsiya mustaqilligi tan olindi. 1910-y. da Krit o. G. bilan qayta qoʻshildi. 1910—15 y. lar mobaynida Liberallar partiyasi tashkilotchisi E. Venizelos G. Bosh vaziri lavozimida ishladi. U bir qator islohotlar oʻtkazdi. Gretsiya 1912-y. gi Bolqon ittifoqini tuzishda, Bolqon urushlari (1912—13)da qatnashdi.

1-jahon urushining dastlabki yillarida Gretsiya betaraflik siyosatini tutdi. 1915-y. ning noyab. oyidan eʼtiboran ittifokchi davlatlar Gretsiyani iqtisodiy jihatdan yakkalab qoʻya boshladilar. Natijada u ham Antanta davlatlari tomonida urushda qatnashdi. Urush G. iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. Turkiya bilan Gretsiya oʻrtasida tuzilgan Sevr sulh shartnomasi (1920)ga muvofiq, Izmir, Sharqiy Frakiya hamda Imroz, Tenedos va b. orollar Gretsiyaga berilishi kerak edi. Pekin Turkiyaga qarshi Angliya va Fransiya tomonidan uyushtirilgan harbiy fitna (1919 — 22)da Gretsiya

ning magʻlubiyatga uchrashi uni Sharqiy Frakiya, Izmir va b. hududlardan mahrum qildi.

1924-y. 25-martda Gretsiya respublika deb eʼlon qilindi. 1929—33 y. lardagi jahon iqtisodiy inqirozi davrida mamlakatda ishchilar va dehqonlar harakati avj oldi. Ikki yirik — Liberallar (Angliya tarafdorlari) bilan Xalq partiyasi (Fransiya tarafdorlari) oʻrtasida kurash kuchaydi. 1934-y. G. Ru-miniya, Turkiya va Yugoslaviya bilan bitim tuzib, Bolkrn Antantasi tarkibiga kirdi. Shu tarika G. Fransiya rahbarligidagi harbiy-siyosiy ittifoqqa aʼzo boʻldi. 1935-y. soxta referendum asosida mamlakatda monarxiya tiklandi. 1936-y. 4 avg. da general I. Metaksas harbiy hokimiyati oʻrnatildi.

2-jahon urushining dastlabki paytida Gretsiya betaraflik yoʻlini tutmoqchi boʻldi. Lekin 1940-y. 28 okt. da Italiya qoʻshinlari Gretsiyaga bostirib kirib, hududining bir qismini egallab oldi. Grek xalqi noyab. oyiga kelib, dushman askarlarini Gretsiyadan haydab chiqardi. 1941-y. 6 apr. da nemis askarlari Gretsiyaga kirdi va 2-iyungacha mamlakatni batamom egallab oldi. Hukmron partiya rahbarlari dushmanga qarshi kurashish oʻrniga, murosasozlikka oʻtdi. 1941-y. 27 sent. da Milliy ozodlik fronti tashkil qilinib, Gretsiya xalq, ozodlik armiyasi (ELAS) tuzildi (1941-y. dek.). 1944-y. yezda Gretsiya hududining 2/3 qismi ozod qilindi.

1944-y. may oyida xorijda «Milliy birdamlik» deb atalgan hukumat tuzilib, u mamlakatdagi fashizmga qarshi harakatni bostirish maqsadida ingliz askarlarini taqlif qildi. Hukumat 1944-y. 12 okt. da Afinaga ingliz qoʻshinlari hamrohligida kelib, ELASni qurolsizlantirishga qarakat qildi. 5 dek. da ingliz askarlari ELASga qarshi harakatgaoʻtdi. 1945-y. 12 fev. da hukumat va Milliy ozodlik fronti Varkiz bitimini imzoladi. Bitimga muvofiq, harbiy holatni bekor qilib, afv umumiy (amnistiya) eʼlon etish, barcha qurolli otryadlarni tarqatish, davlat tuzumi haqida plebissit oʻtkazish va b. tadbirlarni koʻrish vaʼda qilingan edi. Milliy ozodlik fronti oʻz vaʼdasida turib, ELASni qurolsizlantirdi. Biroq hukumat munofiqona yoʻl tutib, terror muhitida soxta saylov (1946-y. mart) va plebissit (1946-y. sent.) oʻtkazdi hamda mamlakatda monarxiya tuzumini tikladi. Hukumat mamlakatdagi demokratik kuchlarni yoʻqotish maqsadida fuqarolar urushini boshlab yubordi. 1946-y. okt. da Gretsiya demokratik armiyasi tuzilib, bu armiya milliy mustaqillik, demokratiya va ijtimoiy taraqqiyot uchun uch yil mobaynida kurash olib bordi. 1949-y. okt. da demokratik armiya qurolli qarshilik koʻrsatishni toʻxtatdi (ushbu armiya askarlaridan bir qismi Oʻzbekistonda boshpana topdi, shu yerda yashab, tinch mehnatda qatnashdi. Oʻz vatanida qulay siyosiy vaziyat vujudga kelgach, koʻchib ketdi). Taraqqiyparvar arboblar taʼqibga uchradi. 1952-y. noyab. da marshal A. Papagos boshchiligidagi Grek yigʻini partiyasi hokimiyatni qoʻlga oldi. Shu partiya, soʻngra 1956-y. da uning asosida tuzilgan Milliy radikal ittifoq (ERE) K. Karamanlis boshchiligida mamlakatdagi demokratik kuchlarni bostirishni davom ettirdi. Bu esa xalk, ommasining noroziligini kuchaytirdi. 1963-y. 22-mayda parlament soʻl deputati G. Lambrakis oʻldirilganidan keyin Milliy radikal ittifoq (ERE) partiyasi hukumati isteʼfo berishga majbur boʻldi.

1963-y. noyab. — 1964-y. fev. parlament saylovlari natijasida hokimiyat Markaz ittifoqi partiyasiga oʻtdi. Hukumat rahbari G. Papandreu davlat apparatini qayta tashkil etish bilan bogʻliq tadbirlar belgiladi, maktablarda bepul oʻqitishni joriy qildi, dehqonlar toʻlaydigan soliqlarni birmuncha yengillashtirdi, ayrim toifadagi xizmatchilar maoshini oshirdi, siyosiy mahbuslarni ozod qildi va h. k. 1965-y. 15-iyulda qirolning siquvi natijasida Papandreu hukumati isteʼfo berdi.

Markaz ittifoqi partiyasidan ajrab chiqqan oʻta oʻng qanot rahbari S. Stefanopulos 1965-y. 17 sent. da yangi hukumat tuzishga muvaffaq boʻldi. U davlat apparati, politsiya va armiyada demokratik ruhdagi kishilarni qirol va oligarxiyaga sodiq shaxslar bilan almashtirdi. 1967-y. apr. da hokimiyatni P. Kanellopulos rahbarligidagi ERE partiyasi egalladi. Udarhol parlamentni tarqatib yubordi va 28-mayda yangi parlament saylovi oʻtkazmoqchi boʻldi. Biroq reaksion harbiy unsurlar 21 apr. dayoq harbiy toʻntarish uyushtirdi va mamlakatda harbiy diktatura tartibini oʻrnatishga erishdi. Konstitutsiya bekor qilinib, demokratik tashkilotlar tarqatib yuborildi, ilgʻor kishilar esa qamoqqa olindi. Harbiy hokimiyatni K. Kollias boshqardi. 1967-y. 13 dek. da Gretsiya qiroli Konstantin Xarbin hukumatni agʻdarishga harakat qilib koʻrdi. Lekin qirol magʻlubiyatga uchrab, Rimga qochdi. Shu kuni xunta rahbari G. Papadopulos bosh vazir, general-leytenant G. Zoitakis esa regent qilib tayinlandi. 1974-y. iyulida harbiy diktaturaning ichki va tashqi siyosati butunlay barbod boʻlganligi natijasida bosh vazir K. Karamanlis boshchiligidagi fuqaro xukumati hokimiyat tepasiga chiqdi. Oʻsha yili oʻtkazilgan referendum monarxiya tugatilganligini tasdiqladi va Gretsiyani respublika deb eʼlon qildi. Gretsiya prezidenti — Konstantinos Stefanopulos (1995-y. martdan). Gretsiya 1945-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR b-n diplomatiya munosabatlarini 1992-y. 16-martda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 25-mart — Mustaqillik kuni (1821).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Umumgretsiya sotsialistik harakati (PASOK), 1974-y. da tuzilgan; G. soʻl partiyasi, 1987-y. da tuzilgan; Soʻl va taraqqiyparvar kuchlar uyushmasi, 1989-y. da tuzilgan; G. kommunistik partiyasi, 1918-y. da asos solingan; Yangi demokratiya partiyasi, 1974-y. da tuzilgan; «Siyosiy bahor» partiyasi, 1993-y. da tashkil etilgan. Gretsiya umummehnat konfederatsiyasi, 1918-y. da asos solingan, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.

Xoʻjaligi. Gretsiya — sanoatlashgan-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 18%, q. x. ning ulushi 16%.

Sanoati. Yiliga oʻrtacha 30,5 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Elektr st-yalarning kupi yoqilgʻi bilan ishlaydi. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neftni qayta ishlash, yogʻochsozlik, sement korxonalari bor. Yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari ayniqsa rivojlangan. Ip va jun gazlama, gilam toʻqiladi. Yogʻ (zaytun yogʻi i. ch. boʻyicha dunyoda 3-oʻrin), un-yorma, meva konservalari, tamaki, vinochilik korxonalari bor. Oltingugurt kislotasi, sintetik ma-teriallar, azotli va fosforli oʻgʻitlar, portlovchi moddalar i. ch. kimyo sa-noatining asosini tashkil etadi. Asosan chetdan keltirilgan neftni qayta ishlab, turli maxsulotlar tayyorlanadi. Qazib olingan boksit, ferronikel va sh. k. ning anchagina qismi qayta ishlanmagan va konsentrat holida chet ellarga chiqariladi. Alyuminiy, poʻlat, choʻyan, baʼzi turdagi rangli metallar eritib quyiladi. Kemasozlik, avtomo-bilsozlik, traktorsozlik, binokorlik materiallari korxonalari mavjud. Kichikroq koʻnchilik-poyabzal va yogʻoch-sozlik f-kalari bor. Asosiy sanoat markazlari: Afina, Saloniki.

Qishloq xoʻjaligi ning asosiy tarmogʻi — dehqonchilik boʻlib, q. x. mahsuloti qiymatining 75%ni beradi. Mayda dehqonchilik xonadonlari ham, yirik xoʻjaliklar ham mavjud. Yerlarni ijaraga berish keng tarqalgan. Mamlakat maydonining 30% ga yaqini — ekinzor. Gretsiyada zaytun daraxtining 31 turi usadi. Ular yiliga 2-marta gullab, hosil beradi. Aholi jon boshiga 10 tup zaytun daraxti toʻgʻri keladi.

Mamlakat ekinzorlarining 1,9% bogʻdorchilik xoʻjaliklari koʻlida. 6 mln. tup olma, 5 mln. tupdan koʻproq shaftoli, 19 mln. tupga yaqin boshqa mevali daraxtlar bor. Salkam 20 mln. tup apelsin, limon, mandarin, greypfrut, bergamot yozda va kuzda — 2-marta hosil beradi. Bugʻdoy yetishtiriladi; qand lavlagi, arpa, makkajoʻxori, sabzavot, sholi va b. ham eqiladi. Chorvachilik zaif. Qoʻy, echki, qoramol, choʻchqa boqiladi. Dengiz sohillarida baliq ovlanadi. Chet el sayyohligi anchagina daromad keltiradi (1 yilda 10 mln. ga yaqin kishi kelib ketadi).

Gretsiyada dengiz transporti asosiy oʻrinni oladi. Savdo flotining salmogi jihatidan dunyoda oldingi oʻrinlardan birida turadi. Gretsiyaning 2579 kemasidan 1000 ga yaqini boshqa mamlakatlar bayrogʻi bilan suzadi. Asosiy dengiz portlari: Pirey, Saloniki, Elefsis. T. y. larning uz. — 2,6 ming, avtomobil yoʻllarining uz. — 130 ming km. Afina va Salonikida xalqaro aeroportlar bor.

Gretsiya chetga asosan zaytun yogʻi va mevasi, uzum, sitrus mevalar, tamaki va maʼdan xom ashyosi chiqaradi. Chetdan mashina, asbob-uskuna, yoqilgʻi, metallurgiya va kimyo sanoati uchun xom ashyo xarid qiladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: GFR, AQSH, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya va b. Pul birligi — draxma.

Tibbiy xizmati. Gretsiya dagi kasalxonalarning aksariyati davlat qaramogʻida. Xususiy vrachlar ham tibbiy xizmat koʻrsatadi. Vrachlarni Afina va Salonikidagi untlarning tibbiyot f-tlari tayyorlaydi. Mashhur kurortlari Delfa, Saloniki, Patri sh. lari va Kerkira o. da.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Maorif tizimi 4 bosqichga boʻlinadi: 6 y. lik umumiy, 3 y. lik oʻrta va 3 y. lik oʻrta maxsus, shuningdek, oliy taʼlim. Umumiy va oʻrta taʼlim majburiydir. Gretsiyada 17 un-t va bir qancha texnika in-tlari bor. Yiriklari: Afina, Saloniki un-tlari, Afina politexnika inti. Ilmiy muassasalari: Afina akademiyasi (1926-y. tashkil etilgan; unda bir qancha i. t. in-tlari va komitetlar mavjud), 20 ga yaqin i. t. in-ti va bir qancha ilmiy jamiyatlar, Afina sh. dagi Milliy rasadxona (1842-y. tashkil etilgan) va b. G. dagi Milliy kutubxona (1828-y. tashkil etilgan), Afina sh. dagi Deputatlar palatasi kutubxonasi, un-tlar kutubxonalari yirik kutubxonalardir.

Asosiy muzeylari: Milliy arxeologiya muzeyi (1874-y. tashkil etilgan). Akropol (1878-y. ochilgan), Vizantiya muzeyi (1914), Milliy tarix muzeyi (1882), Sanʼat asarlari milliy galereyasi (1900) — hammasi Afina sh. da joylashgan.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Gretsiyada bir qancha gaz. va jur. lar nashr etiladi. Yiriklari: «Avgi» («Tong», kundalik gaz., 1952-y. dan). «Akropolis» («Akropol», kundalik gaz., 1881-y. dan), «Atenz nyus» («Afina yangiliklari», ingliz tilida chiqadigan kundalik gaz., 1952-y. dan), «Katimerini» («Kun yangiliklari», kundalik gaz., 1919-y. dan), «Rizospastis» («Qatʼiyat», kundalik gaz., 1918-y. dan), «Apogevmatini» («Oqshom yangiliklari», kundalik kechki gaz., 1952-y. dan), «Vima» («Minbar», yakshanbaliq haftanoma, 1922-y. dan), «Ikonomikos taxidromos» («Iqtisodiy xabarchi», haftalik jur., 1926-y. dan). Afina axborot agentligi 1896-y. da tashkil etilgan. Radioeshittirishlar 1938-y. dan, telekoʻrsatuvlar 1966-y. dan olib boriladi.

Adabiyoti. Yangi grek adabiyoti Vizantiya yemirilgandan keyin dastlabki asrlarda antik va Vizantiya madaniyati anʼanalari, Uygʻonish davri gʻoyalari, xalq ogʻzaki ijodiyoti zaminida yuzaga kelgan. 15— 17-a. lar adabiyoti Kipr, Rodos, Dodekanes, Krit va b. orollarda taraqqiy etdi. Turli janrlarda baquvvat asarlar («Kiz va yigit lapari», «Choʻpon», «Erofili», «Erotokritos») yaratildi. Bularda asosan ijtimoiy tengsizlik asoslari fosh etildi.

18—19-a. larda grek tilida bayon tusidagi adabiyot rivojlandi: K. Dapontes, M. Ibannu, I. Pandzeles va Rigas Velestinlis sheʼriyati muhim ahamiyat kasb etdi. A. Kalvos, A. Valaoritis kabi adiblar xalqning inqilobiy jasoratini kuyladilar. A. Matesis «Bazilik» dramasi b-n milliy dramaturgiyaga asos soldi. Grek milliy ozodlik qoʻzgʻoloni (1821— 29) ning yirik arboblari Ya. Makriyannis va F. Kolokotronis memuar (yodnoma) asarlar yaratdilar. D. Solomos, P. Sutsos, A. Rangavis kabi 1-Afina maktabining vakillari ijodida adabiyot anʼanalari oʻz ifodasini topdi. 2-Afina maktabining asoschisi K. Palamas asarlari («Qalbim nigohi», 1892; «Loʻlining oʻn ikki qoʻshigʻi», 1907; «Hajviy etyudlar», 1912)da milliy til va milliy mavzuga asos solindi. 20-a. boshlarida ijod qila boshlagan D. Vutiras, P. Pikros, F. Kornaros kabi adiblarning asarlarida oddiy kishilarning ayanchli hayoti tasvirlangan. A. Sikelyanosning «Lirik hayot» sheʼrlar toʻplami, «Iso Rimda», «Digenisning oʻlimi» dramalari adabiyot rivojida yangi bosqich boʻldi. Karshilik koʻrsatish davrida taraqqiyparvar shoir va adiblardan A. Sikelyanos, F. Angules, G. Kodzyulas va b. ijodida antifashizm gʻoyasi ilgari surildi. Urushdan keyingi yillar grek adabiyoti rivojida Jahon Tinchlik Kengashi adabiy mukofotining laureati N. Kazandzakisning roli katta. U «Kapitan Mixalis. Ozodlik yoki oʻlim» romani bilan shuhrat qozondi.

1967-y. gi davlat toʻntarishidan soʻng adabiyotda umidsizlik, tushkunlik kayfiyatlari paydo boʻldi. A. Avgerisning «Kesishgan va parallel yoʻllar», P. Korovesisning «Sinov» sheʼriy toʻplamlarida erk va tinchlik gʻoyalari aks etdi.

Qad. grek dramaturgi Sofoklning «Shoh Edip» asari Oʻzbekistan Milliy akademik drama teatrida zoʻr muvaffaqiyat bilan koʻrsatildi. U teletasmaga yozib olinib zangori ekranda ham bir necha marta namoyish etildi.

Meʼmorligi. Usmonli turklar hukmronligi davri (15-a. oxiri — 19-a. boshlari)da xalq meʼmorligi asosiy oʻrinni egalladi. Har bir vodiy va orolda uylar oddiy materiallardan oʻziga xos uslubda barpo etildi. Shim. da koʻproq yogʻochdan, orollarda toshdan foydalanildi. Tir o. dagi ravokli va gumbazli, Andros, Mikonos va b. orollardagi yassi tomli uylar hozirgacha saqlangan. Yirik shaharlarda barpo etilgan turk mahallalari egri-bugri tor koʻchalardagi ikki qavatli uylardan iborat edi. Ibodatxonalar xochsimon-gumbazli tuzilishda boʻlgan (Afon va Metlor monastirlari). Mamlakat ozodlikka erishgach, 1830-y. da xarobaga aylana-yozgan Afina poytaxt sifatida qayta tiklandi. Afina sh. ning bosh qurilish loyihasi yaratilgach (1830), G. meʼmorligida yangi davr boshlandi. Grek meʼmorlari S. Kleantis va L. Kavtadzoglu klassik uslubga asoslangan yangi xil turar joy binolarini yaratishdi. Jamoat binolari klassitsizm anʼanalari asosida, ibodatxonalar Vizantiya meʼmorligi ruhida barpo etildi. Ser-hasham jamoat binolarini koʻpgina xorijiy meʼmorlar (Afinadagi Milliy kutubxona, 1832; un-t binosi, 1837; daniyalik meʼmor X. K. Xansen) qurgan. 20-a. boshlarida mahalliy iqlim sharoitiga moslashgan old tomoni bolxonali va lodjiyali koʻp xonali turar joylar (meʼmor K. Kitsikis), shahar tashqarisida villalar (meʼmor D. Pikionis, D. Tripodakis) qurildi. 50 — 60-y. larda temir-beton va oynadan hamda mahalliy materiallardan foydalanib, xalq meʼmorligi asosida turli bino va mehmonxonalar (meʼmorlar P. Vasiliadis, P. Milonas va b.) solindi. Maʼmuriy binolar koʻproq xalqaro meʼmorlik andazalari asosida (meʼmor K. Doksiadis), turar joylar (koʻp kvartirali arzon uylar, meʼmor A. Konstantinidis va b.), sanoat binolari (Afinadagi «Fiks» f-kasi, meʼmor T. Zenetos) qad koʻtardi, muzey va qad. yodgorliklar taʼmirlandi.

Tasviriy sanʼati. 15-a. oxiri va 19-a. boshlarida Gretsiyada monastirlik (ibodatxonalarga liniy mavzudagi rasmlar ishlash) sanʼati hukmronlik qilgan. Soʻnggi Vizantiya anʼanalari saqlangan, xalq ijodiyoti rivojlangan (boʻrtma tasvir, kashtachilik va b.). 19-a. da sodda va aniq portretlar N. Kandunas, N. Kunelakis asarlarida namoyon boʻlgan. 19-a. 2-yarmida rassomlar Myunxen akademizmi usulini qoʻllab, xalq milliy mavzuiga murojaat qilishgan (N. Litras, N. Gizis). Ya. Altamuras manzaralarida romantizm aks etgan. 1920-y. dan rassomlar Yevropa sanʼatining yangi oqimi taʼsiri singdirilgan milliy qiyofani yaratishga intildilar (rassom K. Partenis, haykaltarosh Ya. Xalepas). 20-a. oʻrtalarida 19 – va 20-a. lar realistik sanʼat anʼanalari qatorida (rassomlar A. Georgiadis, Ya. Moralis, Ya. Saruxis) milliy oʻrta asr va xalq sanʼati shakllaridan foydalanilgan (devoriy rassomlik F. Kondoglu, grafika S. Vasiliu). 2-jahon urushi yillarida xalq ozodlik kurashi demokratik realistik sanʼatning paydo boʻlishiga taʼsir etdi (V. Semersidis, D. Katsikoyanis, X. Kapralos, V. Katraki va b.). 20-a. oʻrtalarida tarkib topgan modern oqimlari (N. Xajikiriakos-Gikas, A. Kondopulos va b.) keyingi yillarda keng tarqaldi.

Musiqasi. Gretsiya musiqasi — dunyodagi eng azaliy musiqiy madaniyatlardan biri (Yunoniston maqolasining musiqa qismiga q.). Oʻrta asr G. professional musiqasi Vizantiya musiqa madaniyatining taraqqiyot yoʻlidan bordi. 15-a. Turkiya istilosi davridan boshlab Gretsiya musiqasining rivoji toʻxtab qoldi. Milliy musiqa anʼanalari faqat xalq ijodi hamda cherkov musiqasida saqlanib qolgan. Xalq musiqasi turli shakl va janrlarga ega. Marosim, tarixiy, maishiy, lirik qoʻshiqlar mavjud. Ayniqsa, 17—18-a. larda ezuvchilarga qarshi kurashgan kishi (kleft)lar haqidagi qoʻshiqlar mashxur boʻldi. Qoʻshiqlar joʻrligida koʻproq davra oʻyinlar (sirtos, sirtaki va b.) ham ijro etiladi. Sozlar orasida lyutnya, lira, svirel (choʻpon nay), volinka va b. uchraydi. Buzuki, mandolina, skripka, 1830-y. lardan boshlab klarnet, gitaralar mashhur. Kerkira Filarmoniya jamiyatining (1840) asoschisi N. Mandzaros grek milliy madhiyasini yaratgan. Kompozitor S. Samarasning Olimpiya oʻyinlari madhiyasi dastlab Afinada ijro etilgan (1896). Gretsiya milliy musika maktabi asoschilaridan biri M. Kalomiris Afinada Gretsiya milliy konservatoriyasini tashkil etdi; milliy opera va simfonik asarlari mashhur. 1940—50 – y. larda M. Xadzidakis va M. Teodorakis kabi koʻpgina qoʻshiqchi-kompozitorlar shuhrat qozondi. Gretsiyada milliy opera teatri (1919, Afina), 5 simfonik orkestr bor. Yagona davlat konservatoriyasi Salonikida (1914-y. tashkil etilgan); xususiy jamiyatlar qaramogʻidagi Afina (1871), Pirey (1904), grek (1919) va Milliy konservatoriyalar (Afina, 1926) ham mavjud. Yil sayin ommaviy qoʻshiqlar festivali oʻtkaziladi.

Teatri. Vizantiya imperiyasi davrida antik teatr sanʼati anʼanasi toʻxtab qoldi. Zamonaviy teatr sanʼatining tashkil topishi grek xalqining milliy ozodlik harakati, jumladan, yashirin vatanparvar jamiyat «Filiki Eteriya» faoliyati taʼsirida Odessa (1817) va Buxarest (1821) da dastlabki havaskor teatr truppalari tuzildi. Davlat mustaqilligi eʼlon qilingach, milliy teatr shakllana boshladi. G. Mandzuranis va G. Kalognomos boshchiligida Siroye o. da teatr tashkil qilindi. J. B. Molyer, K. Goldoni, I. Shiller, V. Gyugo, V. Shekspirlarning asarlari teatr repertuarini boyitdi. Afinada birinchi spektakl 1836-y. koʻrsatildi, lekin professional truppalar 60-y. lardan paydo boʻldi. 1901 i. Afinada Davlat «Qirol teatri» tashkil qilindi. Bu yerda ishlagan rej. T. Ikonomu akterlik sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshdi.

1910—20 y. larda Gretsiya teatr sanʼati sezilarli darajada inqirozga yuz tutdi. Rej. F. Politis teatrning inqiroz holatini yengib oʻtishga intildi va 1925-y. Sofoklning «Shoh Edip», N. V. Go-golning «Revizor», F. M. Dostoyevskiyning «Akauka Karamazovlar»ini sahnalashtirdi. Dramaturg va teatr arbobi V. Rotas 1930-y. da «Xalq teatri»ni tashkil qildi (u 1934-y. ga kadar faoliyat koʻrsatdi). 1945-y. «Birlashgan artistlar» teatri tashkil qilinib, bunda koʻproq grek dramaturglarining pyesalari qoʻyildi. 1955-y. «Grek xalq teatri» yuzaga keldi (rahbari M. Katrakis). 1957-y. rej. D. Rondiris va aktrisa A. Papatanasiu asos solgan Pirey teatrining sahna asarlari Gretsiya teatrida katta burilish yasadi. 80-y. larga kelib, Gretsiya teatrlari repertuari birmuncha kengaydi. Molyer, I. S. Turgenev, A. P. Chexov, G. Ibsen, F. M. Dostoyevskiy asarlari Gretsiya teatri sahnasidan keng oʻrin oldi. Keyingi yillarda qoʻyilayotgan spektakllarda koʻproq maishiy va ijtimoiy mavzular oʻz aksini topdi, musiqali komediyalar ham sahnalashtirildi, eng aktual siyosiy voqealar yoritildi.

Kinosi. Gretsiyada 1906-y. birinchi hujjatli film suratga olindi. 1911 — 12 y. larda bir necha kinokomediyalar yaratildi. 1914-y. asos solingan «Afina-film» firmasi toʻla metrajli kinofilmlar muntazam i. ch. ni yoʻlga qoʻydi. 1914—18 y. larda koʻproq harbiy kinoxronikalar ishlandi. 1927—31 y. larda tarixiy va zamonaviy badiiy asarlarni ekranlashtiruvchi yirik kinofirma — «Dagfilm» faoliyat koʻrsatdi. «Sevgi va toʻlqinlar» (1927, rej. D. Gaziadis), «Dafnis va Xloya» (1931, rej. O. Laskos) va b. shu firma mahsulotidir. 1932-y. birinchi ovozli film ekranlashtirildi («Notoʻgʻri yoʻl», rej. D. Gaziadis). Metaksas diktaturasi va fashistlar bosib olgan davrda «Qalb sadosi» (1943, rej. L. Ioanopulos), «Qarsaqlar» (1944, rej. G. Dzavelas) kabi milliy filmlar namoyish qilindi. Gretsiya ozodlikka erishgandan soʻng, dastlabki paytlarda yiliga 8—10 film yaratilgan boʻlsa, 50—60-yillarga kelib 46 taga yetdi. «Qonli Rojdestvo» (rej. G. Zervos), «Sehrli shaxar» (rej. N. Kunduros), «Elektra» (rej. M. Kakoyanis), «Paroxodga» (rej. D. Damianos) kabi filmlar oʻzining mazmundorligi va ommaviyligi bilan ajralib turadi. A. Stavros, D. Konstandis, I. Dimopulos, I. Papas, P. Zervos, G. Kalogeratos, G. Arvinitis, A. Fonsu, O. Karlatos, T. Vengos, I. Liniku, N. Kurkulos, M. Merkuri, A. Vuyuklaki, D. Papamixail va b. G. ning yirik kinematografchilaridir. N. Kunduros va T. Kanellopuloslar esa hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar i. ch. da shuhrat qozondilar. Gretsiyada yiliga 100—120 film ekranlashtiriladi.

Oʻzbekiston — G. munosabatlari. 1992-y. 16-martda ikkala mamlakat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgan paytdan boshlab oʻzaro iqtisodiy, madaniy aloqalar va savdo-sotiq rivojlana boshladi. 1994-y. 29 sent. — 3 okt. da Gretsiya delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va ikki tomonlama munosabatlarning yuridik asoslarini yaratish masalalari kelishib olindi.

Gretsiya va Oʻzbekistan ishbilarmon doiralari oʻrtasida bevosita aloqa oʻrnatish maqsadida 1994-y. 6—8 okt. da «Rusvar Xoldinge B. V.» kompaniyasining hamraisi Ya. Vardinoyannis boshchiligida oliy menejerlar guruhi respublikamizga keldi. OʻzR Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida, «Oʻzbekneftgaz» korporatsiyasida, Aloqa vazirligida, «Oʻzeltexsanoat» uyushmasida, Toshkent aviatsiya zdida oʻtkazilgan muzokaralarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda grek kompaniyasining ishtiroki masalalari muhokama qilindi.

1996-y. 27—29 noyab. da Gretsiya tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning OʻzRga tashrifi vaqtida oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi va Konsullik muassasalarini ochish hamda havo qatnovini yoʻlga qoʻyish haqida bitimlar imzolandi.

OʻzR Prezidenti I. Karimovning 1997-y. 31-mart — 2 apr. da Gretsiyaga qilgan rasmiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga yangi omil baxsh etdi. Tashrif natijasida «Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma», «Ikki yoqlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik haqida konvensiya», «Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash», «Iqtisodiy va texnologik hamkorlik», «Maorif, fan va madaniyat sohalarida hamkorlik qilish», «Turizm sohasidagi hamkorlik» toʻgʻrisida bitimlar, «OʻzR Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi b-n Gretsiya eksportga koʻmaklashish tashkiloti oʻrtasida hamjihatlik va hamkorlik toʻgʻrisida memorandum» imzolandi.

Ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy negizi «OʻzR bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim» qoidalariga ham asoslanadi.

2000-y. da Oʻzbekistonning Gretsiya bilan tovar aylanmasi: eksport 13,7 mln., import 3,8 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Oʻzbekistondan Gretsiyaga rangli metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, tabiiy va sunʼiy moʻyna hamda undan tayyorlangan mahsulotlar eksport qilingan boʻlsa, importning asosiy turlari oʻsimlik yogʻi, sariyogʻ, sovun, yuvish vositalari va surkov moylari, tamaki, asbob-uskuna, efir yogʻi va pardoz vositalari, qayta ishlangan meva, sabzavot, yongʻoq, oziq-ovqat mahsulotlari, doridarmon, plastmassa, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar va b. dan iborat boʻldi.

1995 i. yanv. dan «Oʻzbekiston havo yoʻllari» milliy aviatsiya kompaniyasining samolyotlari oyiga 2-marta Afinaga borib kelmoqda. «Oʻzeltexsanoat» uyushmasi bilan grek kompaniyasi oʻrtasidagi bitimga binoan «Foton» aksiyadorlik jamiyatida «Sileks» nazorat-kassa apparatlarini birgalikda i. ch. yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekistonning Jan. Yevropa va Yaqin Sharqqa boradigan transport yoʻlagini kengaytirish maqsadida Gretsiya imkoniyatlari urganilayotir.

Mayda va oʻrta biznes sohasida ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish imkoniyati bor. OʻzRda grek sarmoyasi ishtirokidagi 33 qoʻshma korxona mavjud (2001). Ular orasida «Omegasitora», «Olimpik-ToshkentFurs»,«Agrofur», «Oʻz-Ellas», «Buyuk Turon Ink», «Turon-Trast» kabilar bor. Grek sarmoyasi yuz foiz boʻlgan 6 korxona faoliyat koʻrsatayotir.

Grek sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar faoliyatining asosiy sohalari kiyimkechak, charm va moʻyna buyumlar, binokorlik matoriallari, oziq-ovqat mahsulotlari i. ch., q. x. mahsulotlarini qayta ishlash, savdo-sotiq, lotereya oʻyinlarini tashkil etish va sh. k. dan iborat.

Prev Article

GRETSIYA

Next Article

GRETSIYA INQILOBI