GRETSIYA INQILOBI

GRETSIYA INQILOBI (1821-29) (Gretsiyaning mustaqillik urushi) — xalq inqilobi; Gretsiya usmonlilar istibdodidan xalos boʻlib mustaqillikka erishgan. Asosan «Filiki Eteriya» («Ahil jamiyat») umummilliy yashirin tashkiloti aʼzolari tomonidan puxta tayyorlangan. 1821-y. mart (25-mart Gretsiya mustaqilligi kuni)dagi qoʻzgʻolon b-n boshlangan. 1822-y. 12yanv. da Milliy majlis Gretsiyaning mustaqilligini eʼlon qildi va birinchi grek konstitutsiyasi — Epidavr organik statusini qabul qildi (1822). 1822-y. yozida Moreya (Peloponnes ya. o.) ga bostirib kirgan 30 ming kishili turk armiyasi tor-mor qilingan. Turli tabaqa vakillaridan tashkil topgan inqilobiy kuchlar orasida ziddiyatning kuchayishi fuqarolar urushini keltirib chiqargan (1823-24 va 1824-25). 1827-y. Milliy majlis I. Kapodistriyani Gretsiya prezidenti qilib saylagan. 1827-y. okt. dagi Navarin jangida Usmonli turk imperiyasi floti yakson qilingan. Adrianopol sulh shartnomasi (1829)ga koʻra Turkiya Gretsiya muxtoriyatini tan olgan (1830-y. dan Gretsiya mustaqil davlat). G. i. da xorijiy koʻngillilar ham qatnashgan.