GRIBOYEDOV Aleksandr Sergeyevich

GRIBOYEDOV Aleksandr Sergeyevich [1795.4. (15).1, Moskva-1829.30.1(11.2), Tehron, Tbilisida dafn etilgan] — rus yozuvchisi, diplomat. Moskva un-tining falsafa, til-adabiyot, huquq va fizikamatematika f-tlarida oʻqigan (1806-10). Talabaliq yillarida boʻlajak dekabrist (N. M. vaA. 3. Muravyovlar, I. D. Yakushkin, A. I. Yakubovich)lar bilan aloqada boʻladi. Keyinchalik rus mutafakkiri va publitsisti P. Ya. Chaadayev bilan yaqindan tanishadi. 1812-y. da koʻngilli boʻlib armiyaga xizmatga kiradi. Rossiyaning Erondagi elchisi boʻlib ishlayotgan vaqtida mutaassiblar tomonidan vahshiylarcha oʻldirilgan. Griboyedov dastlab fransuz yozuvchilariga taqlidan komediyalar («Yosh kelin-kuyovlar» 1815; «Talaba», 1817) yozgan. «1812-yil» pyesasi (1824 — 25) vatanparvarlik va fuqarolik ruhi bilan sugʻorilgan. «Aqllilik balosi» (1824) komediyasi Griboyedovga katta shuhrat keltirdi. Dastlab qoʻlyozma holida tarqalgan bu komediya rus adabiyoti, rus dramaturgiyasi va rus teatrining oʻsishida muhim bosqich boʻldi. Griboyedov bu asarda rus jamiyatidagi ijtimoiy va maʼnaviy qoloqlikni qattiq fosh qiladi, uning rivojiga toʻsiq boʻlib turgan zodagonlarning farosatsizligi, kaltafahmligi va xudbinligi ustidan kuladi. Asar fojiaviy ruhda yozilgan. Griboyedovning «Aqllilik balosi» komediyasi Toshkentdagi rus akademik drama teatrida sahnalashtirilgan.

Ad,: Piksanov N. K., A. S. Griboyedov i yego tvorchestvo, M., 1945; Lebedev A. A., Griboyedov. Faktы i gipotezы, M., 1980.