GRIM (frans. grime, ital. grumo — ajinli) — 1) aktyorlik sanʼatida qiyofa (asosan yuz)ni ijro etiladigan rolga moslab (maxsus boʻyoq bilan boʻyab, sunʼiy soch-soqol yopishtirib, sochni rolga moslab tarash va sh. k.) oʻzgartirish sanʼati. Obraz yaratishda muhim vositalardan biri. Pyesa yoki ssenariyning badiiy xususiyatlari, bezaklari, qahramonning feʼl-atvori, aktyor va rej. ning ijodiy maqsadiga qarab qar xil boʻladi.
Teatr da Grim tarixi qad. xalq sayillari va oʻyinlariga borib taqaladi. Xitoy, Hindiston, Yaponiya va b. Sharq, mamlakatlarida ham Grimdan foydalanilgan. Aktyor yuziga chizilgan rasmlar koʻrinish jihatidan niqobga yaqin boʻlib, baʼzan uning oʻrnini bosgan. Lekin Grim niqobga nisbatan xarakterliroq boʻlgani sababli aktyorlar faqat Grimdan foydalanganlar. 18 — 19-a. larda koʻpgina rus aktyorlari Grimga obraz yaratishda milliy va tarixiy xarakteristika vositasi deb qarashgan. K. Stanislavskiy ham Grimni qahramon psixologiyasini ochishga yordam beruvchi eng zarur vosita deb bilgan. Grim rej. gʻoyasini amalga oshirishda eng muhim tarkibiy qismlardan boʻlgani sababli teatr rej. i va rassomning eng yaqin yordamchisi boʻlib Grim chi-rassom vazifasi yuzaga keldi.
Kinoda Grim oʻziga xos xususiyatga ega. Grim operator texnikasi talabiga (plyonkaning rang yoki yorugʻlikka taʼsirchanligiga qarab) mos boʻlishi lozim. Grim qilishda salgina soxtalik, sunʼiylikka yoʻl qoʻyilishi filmga nuqson boʻlib tushadi. Grim qilish murakkab jarayon boʻlib, u ssenariychi, rej. fikri va operator ishi b-n bogʻliq. Grim chi-rassom suratga olish jarayoni va kinotexnika imkoniyatlarini bilishi lozim. Agar aktyorning yuzi katta oʻzgarishlarni talab qilsa, u holda plastik Grim yopishtiriladi, yengil, yumshok, rezina qoʻllaniladi. Plastik Grim egiluvchan, elastik boʻlib, u kishi yuziga juda qulay joylashadi. Bu uslubni birinchi marta 1930-y. da sankt-peterburglik rassom R. Raugul qoʻllagan. Rangli filmlarning takomillashib borishi Grim chi-rassomlar oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda, ular Grimni kiyimning oʻziga xos xususiyatlari bilan uygʻunlashtirishga harakat qilib, Grimdan foydalanish usullarini muntazam oʻzgartirib bormoqdalar.
Sirkda masxarabozlarning chiqishlarida va xarakterli rollari bor yirik tomoshalarda qoʻllaniladi. Sirk yuzaga kelgan davrdan boshlab masxarabozlar yuzlariga oq narsalar surib tomosha koʻrsatishgan. 19-a. oxiri 20-a. boshlarida Grim masxarabozlikda muhim omillardan biriga aylandi. Zamonaviy sirkda hayotiy Grim koʻproq qoʻllanilmoqda. Oʻzbek xalq masxaraboz va qiziqchilari — Yusufjon qiziq Shakarjonov, Aka Buxor, Akrom Yusupov kabilar oʻz ijodlarida Grimdan koʻp foydalanishgan.
2) Grim uchun zarur boʻlgan boʻyoq va buyumlar. Grim boʻyoqlari maxsus retsept asosida tayyorlanib, turli xil ranglar bilan aralashtiriladi.
Mohina Ashirova.