GRINVICH ASTRONOMIYA RASADXONASI

GRINVICH ASTRONOMIYA RASADXONASI — Buyuk Britaniyadagi i. t. muassasasi. Grinvichda asos solingan (1685). 1953-y. da Grinvich sh. dan 70 km jan.-sharqda joylashgan Xyorstmonso qasriga (15-a.) koʻchirilgan. Unda dastlab yulduzlarning oʻrinlarini koʻrsatuvchi yulduzlar jadvallarini tuzish va Oy harakatini aniqlash ishlari olib borilgan. 19-a. dan boshlab yulduzlar parallaksini (q. Parallaks) aniqlash, Quyosh yuzini izchil fotosuratga olish, fotogeliogrammalar yordamida Quyosh yuzidagi dogʻlar, mashʼallarning geliografik koordinatalarini oʻlchash va Quyosh yuzidagi hodisalarning tabiatini oʻrganish b-n shugʻullanadi. Grinvich astronomiya rasadxonasi passaj asbobi orqali oʻtgan meridian bosh meridian deb qabul qilingan (1884); geografik uzunlik (q. Geografik koordinatalar) shu meridiandan boshlab hisoblanadi. Grinvich astronomiya rasadxonasi meridian vaqgi dunyo vaqti deb qabul qilingan. Undagi asboblar: 28 dyuymli va 26 dyuymli refraktor, 98 dyuymli reflektorlar va b.