GUJAR

GUJAR (oʻzlarini shunday nom bilan ataydilar) — Hindiston va Pokistonning sharqiy qismidagi etnik birlashma. Gujartilida 1 mln. kishi (1990-y. lar oʻrtalari) soʻzlashadi. Dindorlari — asosan, hinduizmga eʼtiqod qiladi, sunniy musulmonlar ham bor. G. larning ajdodi mil. 1-ming yillikda Hindistonga kelib oʻrnashgan hindoriy xalqlariga mansub koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi gujara qabilalariga borib taqaladi. Bu qabilalar gujarotlar, panjobiylar, rojastxonlar etnogenezida ham ishtirok etishgan. Gujar larning koʻpchiligi anʼanaviy mashgʻulotlari — yarim koʻchmanchi chorvachilik (buyvollar, qoʻylar, echkilar boqish) bilan band. Tekisliklarda Gujar larning bir qismi dehqonchilik va oʻtroq chorvachilik bilan shugʻullanadi.