GUJAROTLAR

GUJAROTLAR — Hindistondagi xalq (taxm. 46 mln. kishi), Gujarot shtatining asosiy aholisi. Shuningdek, Pokistonda ham yashaydilar. Umumiy soni 47 mln. kishi (1990-y. lar oʻrtalari). Gujarot tilida soʻzlashadi. Dindorlari — asosan hinduizmga eʼtiqod qiladilar, sunniy musulmonlar va jaynizm tarafdorlari ham bor. Devanagari yozuviga yaqin boʻlgan maxsus yozuvga ega. Gujarotlarning asosiy mashgʻuloti — dehqonchilik (sholi, bugʻdoy, tariq, shakarqamish, paxta yetishtirish), shuningdek, hunarmandchilik (uy toʻqimachiligi, metallga ishlov berish, zargarlik) rivojlangan. Gujarotlarning negizini Hindistonda ilk oʻrta asrdan maʼlum boʻlgan gujar elati tashkil etgan. Keyinchalik uning tarkibiga qisman rajastxonlar, bxillar, kollar va b. qoʻshilgan.