GUJUMDI TOGʻLARI

GUJUMDI TOGʻLARI — Markaziy Qizilqumdagi togʻlar. Quljuqtov togʻlarining sharqiy davomi. Eng yuqori nuqtasi 773 m (Boshgujumdi choʻqqisi). Gujumdi togʻlari kenglik boʻyicha yoʻnalgan, shim. yon bagʻirlari ancha tik, jan. esa yotiqroq. Shim. da Qoraxotin va jan. da Oyoqogʻitma botiqlari tomon yon bagʻirlari zinapoyasimon shaklda pasayib boradi. Togʻ etaklari keng prolyuvial shleyflar bilan band. Yon bagʻirlari quruq soylar bilan parchalangan.

Gujumdi togʻlari paleozoyning terrigen (kremniyli qumtosh), kremniyli karbonat (asosan dolomit) va terrigen (alevrit, kumtosh, konglomerat, gravelit) jinslaridan tashkil topgan. Suvayirgʻich qismida qattiq qumtosh, dolomit va baʼzan konglomeratlardan qoyali relyef shakllari vujudga kelgan.

Gujumdi togʻlarida choʻl mintaqasiga mansub boʻz-qoʻngʻir tuproklar tarqalgan. Oqjusan, teresken, yon bagʻirlarning quyi qismlarida keyreuk, boyalich oʻsadi. Yaylovlarda qorakoʻl qoʻylari boqiladi.